Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz zabardast farzandlari bilan faxrlanadi
19:10 / 2022-01-17

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda o‘z hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrashdek sharafli ishga bag‘ishlagan harbiy xizmatchilar hamda ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli faoliyati alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan tizimda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatimizning harbiy va mudofaa salohiyati yuksalib, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi hamda professional tayyorgarligi yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.

Tadbirda ta’lim maskani boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, yig‘ilganlarni mamlakatimiz tarixidagi shonli sana bilan muborakbod etdi.

– Kuni kecha davlatimiz rahbari Vatan himoyachilari bilim va fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi. Ichki ishlar organlari uchun zamon talablariga mos kadrlar tayyorlashda kursantlarning kasbiy bilimlari, jangovar-jismoniy tayyorgarligi hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Yangi O‘zbekiston yoshlari muqaddas qasamyodga sodiq qolib, bilim va tafakkur, shijoat va mardlikda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib kamolga yetsalar, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayotiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi. Xalqimiz ham ana shunday zabardast farzandlari bilan faxrlanadi, – dedi o‘quv dargohi rahbari.

Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishonlari tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi. Ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnatlari, yurtimiz tinchligi va barqarorligini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, ibratli faoliyati hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirligining “A’lo xizmatlari uchun”, “Ichki ishlar organlaridagi benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, esdalik qo‘l soati va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Jamshid XOLOV, kapitan