Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz salomatligini asrash, sifatli ta’lim berish – ustuvor vazifadir
10:00 / 2022-12-21

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasi barcha sohalarni o‘ziga qamrab olganligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, inson qadri, uning manfaati bu gal ham ustuvorligini yo‘qotmadi va Davlat rahbari 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilish taklifini bildirdi. O‘z navbatida, ushbu taklif barcha ishtirokchilar tomonidan quvonch bilan ma’qullandi.

Shuningdek, Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida ta’lim va aholi salomatligini saqlash masalalariga ham e’tibor qaratib, kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalarni belgilab berdi. Zero, sog‘lom fuqarolar va yuksak bilimli yoshlar mamlakat salohiyatini belgilovchi muhim omildir.  

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, xalqimiz maktab, bog‘cha va shifoxonalar ko‘payishini, ta’lim va tibbiyot sifati oshirilishini istaydi. Farzandlar kamolotini o‘ylaydi. Ushbu talablar inobatga olingan holda yurtimizda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida ham inson va uning manfaatlarini ta’minlash, sifatli ta’lim berish kabi ustuvor vazifa turibdi. Aynan bu galgi murojaatnomada ham mamlakatimizda ta’lim sohasini yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarimizning kasb-hunarga o‘qitish, barcha kerakli sharoitlarni yaratish masalasi alohida o‘rin egalladi.  

2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida isloh qilish, yangi maktablar qurish va mavjudlarini o‘quvchilar sonidan kelib chiqib kengaytirish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyotini Toshkent shahri va qolgan barcha viloyatlar maktablarida joriy etish masalalari ilgari surildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa o‘quvchi yoshlarni faqatgina sifatli ta’lim bilan qamrab olish emas, unga qo‘shimcha tarzda o‘quvchi-yoshlarning sog‘ligini asrash, ularni barkamol voyaga yetishini ta’minlashdir. Bundan tashqari, Prezidentimiz xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.  

Davlat rahbari bepul tez tibbiy yordamning kafolatlanishi, sohaga ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish borasidagi ishlarni tezlashtirish haqidagi fikrlari sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilishi kutilayotgan ulkan, shu bilan birga g‘oyat muhim  o‘zgarishlardan darak desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Murojaatnomaning har bir yo‘nalishi, har bir fikr va so‘zlar xalqimiz hayoti bilan uzviy bog‘liq bo‘ldi. Ayniqsa, aholining to‘g‘ri ovqatlanishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishini ta’minlash borasida aytilgan so‘zlar buning yorqin dalilidir. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus yurtdoshlarimiz sog‘ligini asrashda muhim hisoblangan umummilliy harakat sifatida har bir mahallada targ‘ib qilinishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada, 2023 yilda respublikamizda qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokorlik punkti va poliklinikalar, 520 ta olis va chekka mahallalarda ixcham tibbiyot punktlari tashkil etilishi, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinishi, barcha tug‘uruq komplekslari to‘liq ta’mirlanib, jihozlanishi, o‘rinlar soni 35 foizga ko‘paytirilishi, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida xususiy sherikchilik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilishi kabi ustuvor vazifalar belgilanishi tibbiyotchilar va xalqimiz ko‘nglidagi ish bo‘ldi.  

O‘z navbatida, ushbu murojaatnomada belgilangan vazifalar parlament a’zolarining oldiga ham yangi vazifa qo‘yib, zimmamizga yanada yuksak mas’uliyatlarni yuklaydi. Shu bois biz ham senatorlik faoliyatimizda murojaatnomada aks ettirilgan maqsad va vazifalarga muvofiq samarali ish olib borishimiz zarur.  

Manzuraxon Salimova,  

Oliy Majlis Senatining  

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash  

masalalari qo‘mitasi a’zosi  

O‘zA