Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz salomatligi yo‘lida Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari qay darajada samara bermoqda?
10:00 / 2023-03-27

Qaror va ijro

Inson qadr-qimmati ulug‘langan, manfaatlari ustuvor yurtda yuksalish, taraqqiyot bo‘ladi, turmush farovonlashadi. Mamlakatimizda ham mazkur tamoyil asosida barcha jabhalarda ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar kuzatilib, xalqimizning erkin, farovon yashashi, baxtli hayoti yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot tizimi ham bundan mustasno emas.

Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrda «Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan bo‘ldi. Ushbu loyiha asosida 2020 yil 1 dekabrdan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilgan. Uning vazifasi davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish, yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash, aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etishdir. Shuningdek, tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat byudjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablag‘ni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish, yo‘llanma berish mexanizmini takomillashtirish va to‘liq raqamlashtirish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Ixtisoslashgan markazlarga viloyat, tuman va shahar shifoxonalarini samarali bog‘lab, malakali tibbiy xizmatlar aholiga yaqinlashtirilyapti. Tibbiyotdagi ko‘plab yo‘nalishlardagi jarrohlik muolajalarini viloyat darajasida tashkil qilish uchun sharoitlardan unumli foydalanilyapti.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 18 martda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan ochiq muloqotida: «Yaqin-yaqingacha ehtiyojmand aholining respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun "order" degan bir eski tizim bor edi. Ushbu "order"lar qog‘oz shaklida yuritilib, aksariyat hollarda tanish-bilishchilik asosida berib kelingani hech kimga sir emas. «Order» uchun mablag‘lar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, uning miqdori yetarlimi yoki yo‘qmi, har yili o‘tkazib kelingan. Oqibatda, haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda, ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan. Biz bunday amaliyotdan to‘liq voz kechib, ehtiyojmand aholi uchun respublika tibbiyot markazlarida xizmat ko‘rsatishning ochiq va shaffof yangi tizimiga o‘tdik. Endi ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma haqiqiy ehtiyoji bor aholiga «elektron navbat» asosida berilmoqda», degan edi.

Hozirgi vaqtda yo‘llanmalar orqali respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasalariga borayotganlar uchun bepul xizmat ko‘rsatilmoqda. Bunda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari asosida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilyapti. Birgina Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan 6 milliard so‘mlik shartnoma tuzilgan bo‘lib, 15 mart holatiga ko‘ra, 1 milliard 650 million so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Ushbu mablag‘ evaziga 800 nafardan ko‘proq bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Amaliyotlarning narxi eng kami 3 million so‘mdan boshlanib, 30 million so‘mgacha baholanadi.

— Bir bemorimizning ko‘z shoh pardasiga dog‘ tushgan, – deydi oftalmolog Suhrob Saidjonov. – Qo‘shimcha kasalliklari ham bor. Bizning qiladigan ishimiz – bemorni barcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazib, shoh pardani ko‘chirib o‘tkazishga tayyorlash. Avvallari bu operatsiyani qilish uchun «plan» qo‘yilardi. Endi esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi pul ajratishni boshladi. Shuning uchun bu yil 53 ta bemorni operatsiya qila olamiz. Bunga ortiqcha pul to‘lanmaydi. Donor ko‘z esa Amerikadan keltiriladi.

— Qizimning vafotidan keyin ko‘zim xiralashishni boshladi, shifokorga borsam, operatsiya qilish kerakligini aytdi, – deydi farg‘onalik bemor Rahimaxon aya Abdullayeva. – Navbatga qo‘yishdi va chaqirishdi. Tekinga jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Hozir yaxshi ko‘ryapman. O‘qib bilim olishimiz, kasb-hunar o‘rganishimiz hatto yaxshi-yomonni ajratishimiz uchun ko‘zlarimizning ko‘magi cheksiz. Agar insonning ko‘rish tizimida qandaydir muammo tug‘ilsa, yorug‘ jahon tor bo‘lib ketadi. Shuning uchun ko‘z javohirlarimizni turli shikastlardan asrash kerak.

— Ko‘zimdagi nuqson tug‘ma, – deydi surxondaryolik bemor Ilhom Soatov. – Operatsiya qildirmasam ko‘rmay qolaman. Yo‘llanma orqali keldim. Amaliyot uchun esa hech qanday pul sarflamadim. Hayot to‘xtab turmaydi. Fan va texnologiyalar rivojlanib boraveradi. Sog‘liqni saqlash tizimi ham kundan-kunga yangiliklar bilan boyib bormoqda. Yurtimizda sohaga har yili bir necha trillionlab mablag‘ ajratiladi, xalqaro kreditlar jalb qilinadi. Buning samarasini xalqimiz, bemorlar sezishi, his etishi muhim. Maqsad, aholi salomatligini asrashdir.

<iframe width="1920" height="969" src="https://www.youtube.com/embed/4aANLKN19aE" title="Xalqimiz salomatligi yo‘lida Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari qay darajada samara bermoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Barno MELIQULOVA, O‘zA