Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz orzu-umidlariga hamohang
21:21 / 2022-09-14

Kuni-kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning matbuotda e’lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasi dunyo hamjamiyatida katta qiziqish va e’tirofga sazovor bo‘ldi. Maqola ko‘plab tillarda xorij matbuotida ham chop etildi.

Maqolada aytilgan fikrlar va ilgari surilgan g‘oyalar shu jihatdan muhimki, Prezidentimiz tomonidan Tashkilot missiyasining naqadar insonparvarligi, tinchlik va hamkorlikka xizmat qilishi, bugungi dunyoda yuz ko‘rsatayotgan dolzarb muammolarni hal qilishning eng maqbul yechimlari, uning yordamida o‘ziga xos global siyosiy va iqtisodiy tizim  yaratilishi, mintaqalararo hamkorlikning yangi ufqlari ochilishi kabi yo‘nalishlar izchil tahlil etilgan.   

Zero, bugungi kunda SHHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi, unga a’zo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan ziyod. Bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘iga teng. SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3,2 milliard kishini tashkil etib, bu – dunyo aholisining qariyb yarmi deganidir. 21 yil avval tashkil etilgan bu nufuzli xalqaro tashkilotning missiyasi, maqsad-muddaosi – a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, ta’lim, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Bundan tashqari, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi birgalikda kurashish  kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ko‘plab xayrli ishlar jahon hamjamiyatining e’tirofiga, tahsiniga sazovor bo‘lmoqda, ulkan salohiyatga ega bo‘lgan hamda xalqaro maydonda nufuzi ortib borayotgan tuzilma sifatida tan olinmoqda.

Xalqimizda “Besh barmoq yig‘ilsa, musht bo‘lar” degan purhikmat maqol bor. Mazkur tashkilotga a’zolik ham azaldan tinchlik-totuvlik, ahillik va yaxshi qo‘shnichilikni qadrlab kelgan xalqimiz orzu-umidlariga hamohangdir. Binobarin, mintaqalararo integratsiyalashuv, sohalar bo‘yicha hamkorlik, asosiysi, tinchlikni asrab-avaylashda birodarlik zaruratini bugungi kunning o‘zi talab qilmoqda.  

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir. SHHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim”.

Shu jihatdan, SHHTning Samarqand sammiti makon va zamon nuqtai nazaridan dolzarb hamda muhim ahamiyatga egadir. Barcha a’zo davlatlar manfaatlarini yuqori tutgan holda aytish mumkinki, mamlakatimizning keyingi o‘n yilliklar davomida jadal rivojlanishi, taraqqiyotning yangi bosqichlariga qadam qo‘yishi, ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish jarayonida keng va qulay yo‘llarning ochilishi aynan mazkur sammit ishiga har jihatdan bog‘liq, desak adashmagan bo‘lamiz. 

Mahmudjon BOLTABAEV,

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va 

sport universiteti rektori, professor