Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz matonati va hamjihatligining yuksak namunasi
21:50 / 2019-08-23

Fargʻonada “Katta Fargʻona“ kanalining 80 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlari boʻlib oʻtdi.


Fargʻonada “Katta Fargʻona“ kanalining 80 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda irrigatorlar, mehnat faxriylari, Tojikiston va Qirgʻizistondan mehmonlar ishtirok etdi.

Fargʻona shahridagi “Tadbirkorlar markazi“da oʻtkazilgan tadbir katta shodiyonaga aylandi.

Respublika suv xoʻjaligi vaziri Sh.Hamroyev, Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari H.Umarovlar barchani bayram bilan qutlab, “Katta Fargʻona“ kanalining qurilishida qatnashgan xalqimizning jasorati, mardonavor mehnati xususida soʻz yuritdi. Bir guruh mehnat faxriylari va soha xodimlariga faxriy yorliqlar topshirildi. Tantanada “Katta Fargʻona“ kanalining qurilishi aks etgan hujjatli film namoyish etildi.

Fargʻona vodiysining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim ahamiyatga ega, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini sugʻorishda asosiy oʻrin tutuvchi “Katta Fargʻona“ kanalining qurilganiga bu yil 80 yil toʻlmoqda. Kanal qurilishi 1939-yilning avgust oyida boshlanib, xalq hashar yoʻli bilan 45 kunda bunyod etgan.

Oʻzbek xalqining matonati bilan qisqa muddatda 18 million kubometr hajmda tuproq qazish ishlari bajarilib, 450dan ortiq suv inshooti va 38 ta koʻprik qurib bitkazilgan.

Oʻzanidan sekundiga 1200 kub metr suv oʻtkaza oladigan Fargʻona usulidagi “Kuyganyor“ suv toʻgʻoni qurildi. 42 ming 200 kub metr beton va temir beton ishlari, 25 ming kub metr yogʻoch ishlari bajarilib 1 ming 106 tonna metall konstruksiyalari oʻrnatildi. Kanal oʻsha davrda 60 ming gektardagi qoʻriq va boʻz yerlarni oʻzlashtirish, 45 ming gektar maydonda suv taʼminotini yaxshilash imkonini beradigan boʻldi. 1940-yilda Fargʻona viloyatida 23 ming gektar yangi yer oʻzlashtirildi.

Umumxalq hasharida Oʻzbekistonning 200 ming nafardan ziyod aholisi bilan birga qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalarining ham koʻplab aholisi kamarbasta boʻlgan. “Katta Fargʻona“ kanali ishga tushirilgandan keyin vodiyda sugʻoriladigan yer maydonlari koʻpaydi. Qoʻriq va boʻz yerlarning oʻzlashtirilishi natijasida kanalning suviga talab oshdi.

– Suv xoʻjaligi sohasida xizmat koʻrsatgan irrigatorlarning “Katta Fargʻona“ magistral kanali nomini “Usmon Yusupov nomidagi Katta Fargʻona kanali“ga oʻzgartirish boʻyicha bildirgan taklifi hamda Rishton tumani hududida Usmon Yusupov byustining oʻrnatilishi barchamizni behad mamnun etmoqda, – deydi Oltiariq tumanida yashovchi mehnat faxriysi Tojiali ota Tojidavlatov. – Xalqimizga xos ajoyib anʼana – hashar asosida qisqa muddat ichida gigant qurilish hisoblangan “Katta Fargʻona“ kanali va uning barcha inshooti bunyod etilgani bugungi avlod uchun katta iftixordir. Men oʻsha vaqtda 9 yoshda edim, hasharni oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Butun faoliyatimni suv xoʻjaligi sohasiga bagʻishlab, shundan el orasida hurmat qozondim.

Fargʻona vodiysi kanallaridan foydalanish boshqarmasida tashkil etilgan muzeydan kanalning tarixi bilan bogʻliq yuzlab noyob eksponatlar oʻrin olgan. Bayram ishtirokchilari mazkur muzeyda boʻlib, “Katta Fargʻona“ kanali qurilishi jarayoni bilan bogʻliq koʻrgazma va eksponatlar bilan tanishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida “Transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish va uni kelajak avlodga saqlab qolish“ mavzusida mintaqaviy seminar boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizning mintaqadagi davlatlar bilan har tomonlama aloqalari soʻnggi yillarda sezilarli darajada mustahkamlanmoqda. Sir emas, ota-bobolarimiz asrlar davomida mintaqadagi daryolar suvidan oʻzaro murosayu madora bilan foydalanib kelishgan. Bugun butun sayyoramizda suv taʼminoti global masalalardan biri boʻlib turgan bir paytda transchegaraviy daryolardan xalqaro va milliy qonunchilik doirasida, oqilona foydalanish Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishda katta ahamiyatga ega.

Qirgʻiziston, Tojikiston va yurtimiz suv xoʻjaligi sohasida xizmat koʻrsatgan irrigatorlar, olimlar va mutaxassislar ishtirok etgan mazkur seminarda transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi.