Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz ishonchini oqlashga harakat qilamiz
13:34 / 2020-11-09

Qishloqdan kelgan onamning uniqqan rang-ro‘yi meni tashvishga soldi. Onamning bir odati bor: joni azoblansa ham birovga tish “yormaydi”. Ertalabdan onamni holi- joniga qo‘ymay, shifokor ko‘rigiga yetakladim.

Uzun yo‘lak turnaqator tizilgan bemorlarga to‘la. Har xil toifadagi shifokorlar xonalari ketma-ket joylashgan. 3-xona eshigi oldida 15 nafarcha bemorning shifokor qabulini kutayotganligini  ko‘rdim. Yoshgina  shifokor har bir bemorni eshik oldigacha kuzatib, shirin muomalada bo‘layotgani e’tiborimni tortdi.

G‘ulomjon Abdullayev shifokorlar oilasining davomchisi ekan.

–Rahmatli otam oliy toifali jarroh edilar, – deydi G‘.Abdullayev.-Otamga xalqning mehrini ko‘rib, havas qilganimiz sababmi, oilada uch aka-uka  shu kasbni tanladik.

G‘ulomjon Abdullayev ayni paytda poytaxtimizdagi “Metromed”xususiy klinikasida faoliyat olib boryapti.

–  Mamlakatimizda yuzaga kelgan pandemiya tufayli “COVID-19” bilan kasallanganlar dardiga shifo bo‘lish uchun bir guruh shifokorlar qatorida xududlarga safarbar etildik, – deydi G‘.Abdullayev.- Mamlakatimizda ilk bemor aniqlanganda boshqa shifokorlar singari men ham xavotirga tushdim. Vaziyat og‘ir edi.Kasallik haqida hali biror tushunchaga ega emasmiz. Shu vaziyatda men odamlarga qanchalik kerakligimni ko‘proq his qildim.Jon talashayotgan bemorlarni ko‘rib, o‘zimni ojiz sezgan vaqtlarim bo‘ldi. Chunki biz inson hayotini saqlashga qasamyod qilganmiz.Sizdan najot kutayotgan bemor oldida najotsiz turish o‘z kasbini hurmat qilgan har bir shifokor uchun og‘ir kechinmalar olib keladi.

Men tibbiyot sohasida zarur bilimlarni olgandirman, ammo hali o‘zimni yetarli tajribaga ega bo‘ldim, deb hisoblamayman.Yoshingiz ulg‘ayib, yiqqan bilimlaringiz qanchalik ko‘p bo‘lsa ham, sizdan ko‘proq bilim, tajribaga ega insonning o‘gitlariga, ko‘rsatmalariga ehtiyoj sezarkansiz.

Faoliyatim davomida ustozim, oliy toifali kardiolog G‘opporjon Tillaboyevning ko‘rsatmalariga amal qildim.Nasihatlariga quloq tutdim. Biz ishda ustoz- shogird, hayotda esa go‘yo ota bola edik.Qabulimga kelgan har bir bemorga aniq tashxis qo‘yganimga ishonch hosil qilsam ham, ustozimning oxirgi qarorini kutardim. G‘oppor aka kardiologiya sohasida shunchalik chuqur bilimga ega ediki, gohida bemorning ko‘ziga qarab turib, tashxis qo‘ya olardi.

Bedavo dard, shafqatsiz o‘lim u kishini oramizdan olib ketdi.Biz bir guruh hamkasblarimiz ish faoliyatimiz davomida “COVID-19” bilan kasallandik.Afsus, minglab bemorlar dardiga davo topa olgan ustozim bu kasallikni yengib o‘ta olmadi.

Qabulimga kelgan bemorlar orasida chekka viloyatlardan kelayotganlari ko‘pchilikni tashkil qiladi.Achinarlisi, gohida bemor o‘zining tashxisidan ham bexabar bo‘ladi. Menimcha, o‘z sohasining jonkuyar egalari har joyda bor. Gap ish uchun yaratilgan sharoitda. Olis viloyatlardagi shifokorlarning yetarlicha tibbiy anjomlar bilan ta’minlanmaganlariga guvoh bo‘lganman.

Davlatimiz rahbari o‘tkazgan sog‘liqni saqlash tizimiga bag‘ishlangan videoselektorda Toshkentda Ixtisoslashgan respublika tibbiyot markazining 17 ta mintaqaviy filiali tashkil etilishi va  hududlarda turli kasalliklarga ixtisoslashgan markazlar ochilishi haqidagi xabar menga ham quvonch bag‘ishladi.

Yaqin kelajakda tibbiyotning har bir bo‘g‘ini vazifalari aniq aniq belgilanib, alohida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketlari ishlab chiqiladi. Tibbiyotda dori-darmon tizimida ham, tibbiyot sohasida ham mavjud kamchiliklar bartaraf etiladi.

Biz Prezidentimiz yig‘ilishda biz shifokorlar sha’niga bildirgan iliq va achchiq gaplarni to‘g‘ri qabul qilamiz.U kishi ta’kidlaganidek, o‘zimizga belgilangan vazifalarni fidoyilik va matonat bilan albatta uddalaymiz!