Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz farovonligi uchun dasturilamal hujjat
09:35 / 2025-12-31

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi – bu yilning eng muhim siyosiy voqealaridan biri bo‘lib, mamlakatning o‘tayotgan yildagi taraqqiyot natijalarini sarhisob. Murojaatnomada mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy davlat boshqaruvi hamda adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Prezident o‘z so‘zida o‘tgan yillar davomida islohotlar har bir inson, har bir oila, har bir mahalla hayotida sezilganini ta’kidladi. Bular shahar va qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, zamonaviy maktab, bog‘cha va shifoxonalar barpo etish, transport-logistika tizimi va raqamli xizmatlarni rivojlantirishda o‘z ifodasini topmoqda. Murakkab xalqaro vaziyat, global iqtisodiy ziddiyatlar va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotganiga qaramay, 2025 yilda O‘zbekiston uchun ulkan yutuqlar yili bo‘ldi. Bu yutuqlarga xalqning faol qo‘llab-quvvatlashi, yoshlarning kuch-g‘ayrati va shijoati, mahallaning fuqarolik jamiyatining noyob instituti sifatidagi roli oshgani, tadbirkorlar, fermer va dehqonlarning tashabbuskorligi, vazmin va do‘stona tashqi siyosat tufayli erishildi.

Prezidentimiz o‘z nutqida so‘nggi to‘qqiz yil ichida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, iqtisodiyotni tubdan yangilash, bozor munosabatlarini joriy etish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida katta yutuqlarga erishilganini alohida ta’kidladi. Xususan, mamlakatimiz tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshishi xalqimizning ulkan salohiyati va mehnatsevarligining yaqqol namunasidir. Shu bilan birga, xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning suveren reytingi ko‘tarilgani mamlakatimizga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanayotganini anglatadi. Bu esa investitsiya muhitini yaxshilash, tashqi moliyaviy resurslarni arzonroq jalb qilish uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Murojaatnomada aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy islohotlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Kambag‘allik darajasining sezilarli darajada qisqarishi, millionlab insonlarning daromadli bo‘lishi, “kambag‘allikdan xoli mahallalar” sonining ortishi davlat siyosatining samarali ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, inklyuziv ta’limni joriy etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlar jamiyatda ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar tamoyilini mustahkamlamoqda. Jumladan, 2025 yil eksport 23 foizga ko‘payib, 33,4 mlrd. dollarga yetkazilishi qayd qilindi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 60 mlrd. dollardan oshdi. Iqtisodiyotga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 mlrd. dollarga yetdi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli 5 mln. aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 mln. ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi. Yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga qisqardi. Mamlakatimiz tom ma’noda ulkan qurilish maydoniga aylandi. Yangi uy-joylar, ta’lim va madaniyat maskanlari, mahobatli ko‘priklar, ravon yo‘llar, so‘lim bog‘u xiyobonlar yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab, xalqimizning hayot sifatini yuksaltirmoqda.

O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlarga bugun dunyo ahli alohida e’tibor bilan qaramoqda. Xalqaro siyosatchilar, ekspert va mutaxassislar ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlariga pozitiv sharhlar berayotgani, bir tomondan, mamlakatimizning jahondagi mavqei tobora yuksalib borayotgani tufayli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, keyingi paytda global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylangani bilan bog‘liq. Xususan, bu yil yurtimizda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi, YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumi o‘tkazildi.

Markaziy Osiyo mamlakatimiz tashqi siyosatidagi eng ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolayotir. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining mart oyida Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya” qabul qilindi. Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chog‘ida integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik hamda barqarorlikni kuchaytirishi, shubhasiz. 

O‘zbekiston Shimol va Janub, Sharq va G‘arbni birlashtiradigan markazga aylanib bormoqda. Oktyabr oyida Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan bo‘lsa, noyabr oyida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va AQSH sammiti, yaqinda Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilarining uchrashuvida erishilgan kelishuvlar ko‘p tomonlama va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. O‘tgan haftaning boshida esa Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Mahalla va yaxshi qo‘shnichilik — o‘zaro uyg‘un qadriyatlar. Ular jamiyatda ijtimoiy kapitalni yanada бо­йитишга beqiyos hissa qo‘shadi. Mamlakatimizda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat beradi. Ijtimoiy kapital deganda, odatda, jamiyat a’zolari o‘rtasidagi ishonch, hamkorlik, ijtimoiy normalar va tarmoqlar yig‘indisi tushuniladi. O‘zbekiston sharoitida mahalla azaldan ana shu ijtimoiy kapitalni yaratish va rivojlantirishning asosiy mexanizmlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda odamlar bir-birini yaxshi taniydi, qiyinchilikda yordam beradi, quvonchda birga bo‘ladi va umumiy muammolarni birgalikda hal qiladi. Mahallaning an’anaviy tuzilmalari, qariyalar kengashlari, xotin-qizlar qo‘mitalari va yoshlar yetakchilari orqali jamoaviy qarorlar qabul qilinadi, nizolar tinch yo‘l bilan hal etiladi va jamoat tartibi saqlanadi. Bularning barchasi aholi o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va birdamlikni mustahkamlab, ijtimoiy kapitalni boyitadi. 

Prezidentimiz o‘z nutqida milliy birdamlik masalasiga alohida urg‘u berib, “tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan” degan fikrlarni ilgari surdi. Bu tarixiy tajribaning bugungi kundagi ahamiyati, ayniqsa, global murakkabliklar sharoitida yanada ortadi. Mahalla yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, xalqni yanada birlashtirishda beqiyos rol o‘ynaydi. Bu yerda milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analar avloddan avlodga o‘tadi, umumiy g‘oya – Vatan va xalq manfaati yo‘lida birlashish hissi shakllanadi. Prezidentning yoshlarni ulkan bunyodkor kuchi sifatida e’tirof etishi ham, ularning mahalla muhitida shakllanadigan salohiyatiga bo‘lgan ishonchni anglatadi.

Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz ham tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Demakki, mahalla jamiyatning eng asosiy poydevori. Bu – mahalla darajasidagi barqarorlik va ijtimoiy ahillik, umumiy milliy barqarorlikning garovi ekanligini anglatadi. Mahalladagi ijobiy muhit fuqarolarning farovonligini ta’minlashga, ijtimoiy muammolarni erta aniqlash va hal qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, mahalla davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tab, davlat siyosatining bevosita aholiga yetib borishini ta’minlaydi.

Prezidentimizning 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi, mahalla institutiga bo‘lgan davlat e’tiborining yangi bosqichiga ishora qiladi. Bu nafaqat mahalla tizimini yanada mustahkamlash, uning infratuzilmasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, balki mahallaning ijtimoiy-siyosiy rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat dasturlarini amalga oshirishni anglatadi. Ushbu tashabbus mahallani mamlakatning butun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasining markaziga qo‘yishga qaratilgandir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomasi O‘zbekistonning bugungi va kelajak taraqqiyotida mahalla institutining muhimligini strategik darajada belgilab berdi. Mahalla – bu nafaqat o‘zbek jamiyatining tarixiy merosi, balki ijtimoiy kapitalni shakllantiruvchi, milliy birdamlikni ta’minlovchi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi va umuman, mamlakat tinchligi va ravnaqining asosiy poydevoridir. 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi esa, bu tizimning kelgusidagi yanada mustahkamlanishi va O‘zbekistonning o‘zgarishlar davridagi muvaffaqiyatida hal qiluvchi rol o‘ynashini anglatadi. Ushbu yondashuv O‘zbekistonning o‘ziga xos, inson qadri va jamoaviy birdamlikka asoslangan taraqqiyot yo‘lining yaqqol namoyonidir. Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallalarni, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi. Demakki, mahalladagi islohot, bu bir idoradagi tartib-taomillarni o‘zgartirish yoki uning atrofini obod qilishgina emas. Bu, avvalo, har bir xonadonga kirib borish, har bir inson taqdiri bilan qiziqish, uning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqaradigan tizim yaratish, demakdir. Shu nuqtai nazardan, yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir yurtdoshimiz islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak. Shuning uchun kirib kelayotgan 2026 yil, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini — barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni ham belgilab berdi. Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat. Ikkinchi ustuvor yo‘nalish — iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish. Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni ta’minlab, yalpi ichki mahsulotni 167 mlrd. dollarga yetkazish prognoz qilinmoqda. Davlatimiz rahbari uchinchi ustuvor yo‘nalish — ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtaldi. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026 yilda 23 trln. so‘m resurs ajratiladi. Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trln. 700 mlrd. so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15 foizga oshiriladi. Ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026 yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanadi. Avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishidir. 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi. Beshinchi ustuvor yo‘nalish — ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish. Ekologiya — hayot-mamot masalasi ekani bugun tobora oydinlashmoqda. Shu bois ekologiyani asrash va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi ishlar kelgusida yangi bosqichda davom ettiriladi. Jumladan, yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi. Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirayotir, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi. Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tadbirlari ko‘riladi.  

Oltinchi ustuvor yo‘nalish — zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettiriladi. Avvalo, 2026 yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi. Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 200 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchilarining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi. Eng muhimi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratiladi. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlama shaklda ko‘rsatish tizimi rivojlantiriladi.

Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilinishi aytildi. Xususan, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.

Xullas, Murojaatnomada ilgari surilgan hayotbaxsh tashabbuslar, belgilab berilgan dolzarb vazifalar xalqimizni rozi qilish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, yurtimizda uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Yangi yil bayrami arafasida davlatimiz rahbari parlamentga va xalqimizga murojaat qilish asnosida yurtdoshlarimiz dilida, ongu ruhida bir tebranish, jo‘shqinlik va ko‘tarinkilik uyg‘otdiki, bu kayfiyat har birimizni hayotga teran nazar tashlashga, el-yurt taqdiriga daxldorlik, fidoyilik, jonkuyarlik, shijoat, fikran ochiqlik, bedor qalb bilan yashashga undaydi.  

                                            Tashpo‘lat Matibayev, 

sotsiologiya fanlari doktori, professor,

xalq deputatlari Toshkent shaxar Kengashi deputati