Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz farovon yashashga munosibdir
17:03 / 2025-11-21

Prezidentimiz olib borayotgan dono siyosatning zamirida  xalqimiz farovon yashasin, hech kimdan kam bo‘lmaylik, chunki bizning zahmatkash odamlarimiz bunga munosibdir, degan ezgu g‘oya bor.

Joylarda rahbarlarimiz, senator va deputatlarimiz tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullardan maqsadimiz ham aholimizga qanday sharoitlar yaratilgan, ularning qanday muammolari bor, o‘y-fikrlari nimalardan iborat, degan savollarga javob topishdir. 

Xorazm viloyatining Xiva shahrida Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov aholi bilan ochiq muloqot qilish, muammolarni joyida eshitish, xalq vakillarining fikri, e’tirozi va takliflarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabuldagi samimiy ruh, ochiq muloqot yig‘ilganlarga ma’qul bo‘ldi, shekilli,tadbir qatnashchilari tortinmay fikrlarini bildirishdi, savollar berishdi. 

Odatda sayyor qabullarda fuqarolarning aksariyat murojaatlari uy-joy, moddiy yordam, davolanish, ishga joylashtirish, kredit olish, suyultirilgan gaz balloni bilan ta’minlash, hududni obodonlashtirish kabi maishiy masalalarda bo‘lsa, bu gal mamlakatimiz yoshlarining yorqin kelajagi, farzandlar tarbiyasiga milliylikni singdirish, ta’lim dasturlari, o‘quv darsliklarini qayta ko‘rib chiqish, o‘quvchilarni kitob mutoalasiga, adabiyotga qiziqtirish, yoshlarning iqtidor va iste’dodlarini namoyon etishiga ko‘maklashish, ularni qo‘llab quvvatlash masalalari bo‘yicha takliflar tinglandi. 

Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tgan qabulda xivalik Inobat Saidova boshlang‘ich sinflarda ta’lim olayotgan farzandlarning darsliklari vazn jihatidan og‘ir ekani, ayrim darsliklarning hajmini qayta ko‘rib chiqish yoki ulardan o‘quvchilarning faqat sinfxonalarida foydalanishi kerakligi borasida o‘z fikrlarini bildirgan bo‘lsa, pedagog Muqaddas Shayxova o‘quvchilarni kundalik mehnatga o‘rgatish orqali boqimandalik illatidan asrash mumkinligi haqida gapirdi. 

Senator bilan muloqot davomida Xiva shahrida joylashgan Ogahiy nomidagi ijod maktabi jamoasi vakillari mamlakatimizda ijodga, ayniqsa, yosh ijodkorlarga juda keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlab, Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi tanlovning qamrovini oshirib, respublikaning barcha hududlarida o‘tkazishni taklif qildi. 

Muloqot yakunida senator Abdusaid Ko‘chimov inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda yuz berayotgan hayotbaxsh islohotlar bugun har bir xivalikning hayoti va turmush tarzida aks etayotganini ta’kidladi. Tinglangan murojaatlar, takliflar, albatta, tegishliligi bo‘yicha o‘rganilib, ularga ijobiy yechim topishda ko‘maklashish bildirildi. 

Sayyor qabuldan so‘ng suhbatlar xorazmlik iste’dodli ijodkorlar, aholi va keng jamoatchilik vakillari, yoshlar bilan bo‘lgan ijodiy uchrashuvda davom etdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Munis Xorazmiy, Muhammad Rizo Ogahiy, Omon Matjon, Erkin Samandar kabi o‘zbek adabiyotining rivojiga katta hissa qo‘shgan xorazmlik shoirlar, yozuvchi, dramaturglar, san’at va davlat arboblari hayoti va ijodi, vohada bugungi adabiy muhit, qalam ahli va ijodkorlar faoliyati, yangi asarlar va rejalar haqida gapirdi. Bugun yoshlar o‘rtasida nasr va nazmda ijod qilishga intilish, ishtiyoq oshib borayotgani qayd etildi.

Shuningdek, tadbir davomida taniqli jurnalist, publitsist va yozuvchi, “Shuhrat” medali sohibi Sherjon Masharipov 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan qutlandi. Uning jurnalistika, adabiyot va yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida olib borayotgan faoliyati e’tirof etildi. 

Umuman, bo‘lib o‘tgan sayyor qabul va ijodiy uchrashuv odamlarimizda moddiy qiziqishlardan ko‘ra, ma’naviyatga intilish ustuvor ekani, ular yoshlarimizning ertangi kuni, milliy qadriyatlarimizning barqarorligi to‘g‘risida ko‘proq qayg‘urayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Odamlar mamlakatimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlardan mamnun ekani, islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgani ularning ko‘zlarida, yorug‘ chehralarida sezilib turdi.

 Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari