French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqimiz ardog‘idagi murabbiy
12:20 / 2021-02-02

Mahoratli yoshlarni tarbiyalash, Vatanimizning jahon sport arenalaridagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishda malakali murabbiylarning munosib hissasi bor.

Vladimir Bashkirov – ana shunday murabbiylardan biri.

Vladimir o‘zining sportchilik faoliyati davomidan o‘zbek boks maktabi sharafini dunyo uzra ko‘klarga ko‘targan. U 1967 yil mamlakat chempionatida birinchi pog‘onani egallab, o‘zbek bokschilari o‘rtasida tengsiz ekanini barchaga isbotladi. Bir qator nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi.

U sportchi sifatida qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan cheklanmay murabbiy bo‘lib faoliyatini davom ettiradi. Murabbiylik davrida Toshkent viloyatida boks rivojlanishi yo‘lida samarali mehnat qiladi. Vladimir yuzlab charm qo‘lqop ustalarini yuksak marralar sari olib chiqdi.

Vladimir Bashkirov shuningdek, taniqli boksyor, 1979 yilda Nyu-York shahrida jahon kubogi sohibi, 1982 yilda Belgradda o‘tkazilgan jahon chempionatining bronza medali sovrindori Vladimir Shinning birinchi ustozi ham sanaladi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Vladimir Shin ayni paytda boks bo‘yicha Yaponiya olimpiya terma jamoasining murabbiysi hisoblanadi.

Mamlakatimiz mustaqilligiga erishgandan so‘ng, tajribali murabbiy – Vladimir Bashkirov Toshkent viloyatida boks sport turini yanada ommalashtirishga va yoshlarni mazkur sport turi bilan shug‘ullanishiga ulkan hissa qo‘shdi.

Hozirda, “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi kengashining jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Vladimir Bashkirovning yurtimiz sporti uchun qilgan fidokorona xizmatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston sport faxriylari kengashi, “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni hamda pul mukofoti bilan taqdirladi.

– Ushbu mukofot Toshkent viloyati bo‘yicha faqat menga berilganidan, mehnatlarim yuksak e’tirof etishganidan mamnunman. Albatta, har qanday mukofot kishiga yoqimli kayfiyat bag‘ishlaydi, – dedi V.Bashkirov. – Bu mukofot biz kabi murabbiylarga yangi kuch bag‘ishlaydi va yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi. Biz murabbiylar doimo e’zozlanib kelayotgan yurtda faoliyat yuritayotganimdan faxrlanaman.

Darhaqiqat, mamlakatimizda sportchi va murabbiylar, qolaversa, yurt sharafini yanada yuksaltirishga bel bog‘lagan har bir inson doimo e’tiborda.Bu esa barchamiz uchun quvonarlidir.

Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA