French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqchil va tanti ijodkor yodi
15:33 / 2022-05-10

O‘zbekiston xalq shoiri, akademik G‘afur G‘ulom tavalludining 119 yillik sanasi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoir uy-muzeyiga press-tur tashkil etildi.

Press-turning o‘ziga xosligi  va yangiligi shundaki, har kuni 10 ming qadam yurish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi Piyodalar klubi faollari sanalgan yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslar, ommaviy axborot vositalari vakillari yomg‘ir sharros yog‘ib turganiga qaramay, Yozuvchilar uyushmasi binosidan G‘afur G‘ulom uy-muzeyi binosiga qadar piyoda bordilar. Tadbir ishtirokchilari yo‘l-yo‘lakay Adiblar xiyobonidagi G‘afur G‘ulom haykali poyiga gullar qo‘ydilar. Akademik shoir ijodi haqida batafsil so‘z yuritdilar. 

Jahon adabiyoti, adabiyot tarixi, tilshunoslik bo‘yicha qomusiy bilimlar sohibi bo‘lgan G‘afur G‘ulom o‘z zamondoshlari xotirasida mehmondo‘st, xalqchil, samimiy, oilaparvar, bolajon, ham chapani ijodkor sifatida muhrlanib qolgan. Uning nomi, hayoti, faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan uy-muzeydan bugungi kunda ham adabiyot muxlislarining qadami arimaydi. 



Bu yerda atoqli shoir 1944 yildan 1966 yilga qadar yashab, ijod qilgan. Uy-muzey ikki qismdan iborat bo‘lib, uning yangi binosida G‘afur G‘ulomning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladigan adabiy ekspozitsiya joylashgan. Bu bino shoirning 101 yilligi munosabati bilan, ya’ni 2004 yil 10 may kuni tantanali tarzda ochilgan.  

Ma’lumki, G‘afur G‘ulom 1903 yil 10 may kuni Toshkentning Qo‘rg‘ontegi mahallasida (hozirgi Shayxontohur tumani Xadra maydoni) tug‘ilgan. G‘afur G‘ulom tug‘ilganida otasi G‘ulom Mirzo Orif o‘g‘li 35 yoshda, onasi Toshbibi Shoyusuf qizi 25 yoshda bo‘lgan. Shoirning otasi o‘z davrining yetuk insonlaridan bo‘lib, fors-tojik, rus tillarini puxta egallagan. Toshkentdagi dumaxonaning mahalliy bo‘limida mirzalik qilgan ekan. 

G‘afur G‘ulomining otasi “G‘ulom” va “Mirzo” taxalluslari bilan ijod qilib, talaygina she’rlar yozgan. Shoirning onasi she’riyatga ixlosmand inson bo‘lgani sababli yosh G‘afurning adabiyotga mehri  juda erta uyg‘ongan.  U 9 yoshida otasidan, 12 yoshida esa onasidan yetim qolgan. 

Muzeyda shoirning o‘z qo‘li bilan yozgan avlodlar shajarasi har qanday tashrif buyuruvchining e’tiborini o‘ziga tortishi tabiiy. Bu yerda bolaligi, yaqinlari, bilim olish, ijodining shakllanishi bilan bog‘liq ashyolar, turli fotosuratlar, kitoblar, hujjatlar, ro‘zg‘or buyumlari tomoshabinlar e’tiborga havola etilgan. Shuningdek, shoir asarlariga ishlangan rasmlar, plakatlarga  ham muzey ekspozitsiyasidan keng o‘rin berilgan. 

Umuman, muzeydagi har bir eksponat G‘afur G‘ulom shaxsiyati, u yashagan murakkab davrning muhiti, ruhiyatini tashrif buyuruvchiga osongina yetkaza olishi bilan ahamiyatlidir. Lekin shu bilan birga muzey eksponatlaridan ham ko‘ra shoirning o‘zidek daryodil farzandi Olmosxon Ahmedovaning hayotiy xotiralari, G‘afur G‘ulom shaxsiyatiga oid ham farzand, ham she’riyatning oddiy muxlisi sifatidagi yodlari muzeyga kelgan har bir insonda qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.  

Olmosxon opaning aytishicha, davlat va jamoat arboblari, olimlar davrasida bo‘lgan G‘afur G‘ulom oddiy, odmigina odamlar bilan ham oson til topishib, do‘stlashgan. Ularga zarur damlarda ko‘mak qo‘lini uzata olgan darajada odamshavanda, saxiy, tanti inson bo‘lgan. Uning xonadonida dunyoning mashhur adiblari, shoir va san’atkorlari, olimlari mehmon bo‘lishi bilan birga, bog‘bon, kosib, sotuvchi kabi oddiy odamlar ham bu xonadondan izzat va e’tibor topganlari rost. Osiyo va Afrika mamlakatlari   yozuvchilarining yirik xalqaro adabiy anjumanining 500 nafar chog‘i ishtirokchilarini bir varakayiga o‘z bag‘riga olgan bu xonadon tashrif buyuruvchilarga G‘afur G‘ulomning nechog‘li tanti, bag‘rikeng inson ekanini anglatishi tabiiydir. 

G‘afur G‘ulomning “Yodgor”, “Tirilgan murda”, “Shum bola”, “Netay” kabi asarlari, “Qizaloq”, “Jomasi pok, o‘zi nopok bandalar”, “Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi”, “Hasan Kayfiy”, “Eshonobod”, “Yigit”, “Bo‘ydoq” kabi hikoyalari, ko‘plab doston va she’rlari, jahon mumtoz adabiyoti namunalaridan tarjimalari uning naqadar keng bilim va tafakkurli, xalqchil ijodkor bo‘lganini anglatadi.  

Adabiy press-tur juda maroqli ruhda o‘tdi.  

Nazokat Usmonova,  
O‘zA muxbiri