O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini modernizatsiya qilishning strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Ayniqsa, murojaatnomada belgilangan oltinchi ustuvor yo‘nalish - zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish sud tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, ochiqlik, shaffoflik va raqamlashtirish tamoyillarini yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.
Murojaatnomada odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etish, shuningdek, tergov jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu jarayon sud ishlarini yuritishda inson omilini qisqartirish, korrupsiya xavflarini kamaytirish hamda qaror qabul qilishda ob’ektivlikni ta’minlashga qaratilgan.
Bunday muhim vazifalarni bajarish sudyalar korpusining kasbiy salohiyati, huquqiy madaniyati va zamonaviy ko‘nikmalariga bevosita bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi sudyalikka nomzodlarni tayyorlash va amaldagi sudyalar malakasini oshirish orqali sud-huquq islohotlarining institutsional asosini ta’minlovchi yetakchi ta’lim muassasasi sifatida muhim o‘rin tutadi.
Islohotlar sharoitida sudyalikka nomzodlar va amaldagi sudyalar elektron sud ishlari yuritishi, raqamli protsessual hujjatlar, elektron dalillar va ma’lumotlar bazalari, sun’iy intellekt asosidagi tahliliy vositalar bilan ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi talab etiladi.
Akademiya tashkil etilgan dastlabki kunlardan o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqilib, ularga raqamli sud ishlari, elektron dalillarni baholash va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga qaratilgan maxsus modullar o‘quv jarayoniga joriy etildi.
Murojaatnoma tergov sudyalari institutining yanada rivojlantirilishi, xususan, 2026 yildan ularga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarini berish rejalashtirilgani qayd etildi. Bu esa tergov sudyalarining mustaqilligi va javobgarligini oshirish bilan birga, inson huquqlarini himoya qilishda sud nazoratining ahamiyatini kuchaytiradi.
Mazkur institutning samarali ishlashi sudyalardan xalqaro inson huquqlari standartlarini chuqur bilish, “Habeas corpus” institutining mohiyati va amaliyotini to‘g‘ri qo‘llash, protsessual qarorlarni asoslangan va dalillarga tayangan holda qabul qilish kabi yuqori kasbiy kompetensiyalarni talab qiladi. Ana shu maqsadda Akademiyada tergov sudyalari uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini joriy etish asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Murojaatnomada jinoyat protsessiga “xalq vakillari hay’ati” institutini bosqichma-bosqich joriy etish tashabbusiham ilgari surildi. Ushbu institut sud muhokamalarida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, sud qarorlarining adolatliligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Bu esa sudyadan nafaqat huquqiy bilim, balki ravon va asosli nutq, jamoatchilik oldida fikrni aniq ifodalash, sud muhokamasini ochiq va xolis olib borish kabi kommunikativ ko‘nikmalarni talab etadi. Shu bois, sudyalarni tayyorlash jarayonida sud nutqi madaniyati, sud etikasi va jamoatchilik bilan muloqot masalalariga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlarni kengaytirish maqsadga muvofiqdir.
Prezident Murojaatnomasida 2026 yil korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda choralar yili” sifatida belgilanishi davlat xizmatchilari, ayniqsa sudyalar uchun mas’uliyatni yanada oshiradi. Sudyaning kasbiy faoliyatida halollik, mustaqillik va manfaatlar to‘qnashuviga murosasiz munosabat asosiy tamoyil bo‘lib qoladi. Shu munosabat bilan, Odil sudlov akademiyasida sudya etikasi, komplayens va korrupsiya xavflarini oldindan aniqlash, shaxsiy moliyaviy savodxonlik masalalari bo‘yicha o‘quv kurslarini tizimli yo‘lga qo‘yish ham muhim ahamiyatga ega.
Bir so‘z bilan aytganda Murojaatnoma sud-huquq tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan aniq va izchil vazifalarni belgilab berdi. Bu vazifalarning amaliy natijasi, avvalo, sudyalar korpusining kasbiy tayyorgarligi va ma’naviy barkamolligiga bog‘liq.
Shu ma’noda, Akademiya sudyalikka nomzodlarni tayyorlash va amaldagi sudyalarnining malakasini oshirish orqali sud-huquq islohotlarining intellektual, kasbiy va axloqiy tayanchiga aylanadi deb ishonch bildirish mumkin. Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, inson huquqlarini himoya qilishni o‘z kasbiy burchi deb bilgan, halol va mustaqil sudyalar korpusi-adolatli sudlov va qonun ustuvorligining asosiy kafolatidir.
Dilshod Israilov
Odil sudlov akademiyasi
kafedra mudiri