French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqchil demokratik islohotlar – yutuqlarimiz omili
15:00 / 2020-08-27

Bugun koʻpni koʻrgan xalqimiz pandemiya tufayli yuzaga kelgan ogʻir va sinovli kunlarni matonat bilan yengib oʻtib, ana shu ezgu gʻoya atrofida yana-da jipslashmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga

“Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!”. Bugun koʻpni koʻrgan xalqimiz pandemiya tufayli yuzaga kelgan ogʻir va sinovli kunlarni matonat bilan yengib oʻtib, ana shu ezgu gʻoya atrofida yana-da jipslashmoqda. 

Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan ushbu shior erishgan yutuqlarimizdan gʻururlanish bilan birga, mamlakatimiz ravnaqi uchun masʼullikni oshirish, yurt kelajagi va gullab-yashnashi uchun befarq boʻlmaslikka undaydi.

Vatanimiz mustaqil taraqqiyot yoʻliga chiqqanidan keyin misli koʻrilmagan muvaffaqiyatlarga erishdik. Oʻtgan davr mobaynida yangi avlod kamolga yetdi. Eʼtiborlisi, xalqimizda yurt ravnaqi uchun daxldorlik tuygʻusi oʻsdi. Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan islohotlar mamlakatimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirmoqda. Bunga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz.

Ayniqsa, keyingi toʻrt yilda xalqimiz hayoti va dunyoqarashini tubdan oʻzgartirib, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obroʻ-eʼtiborini oshirib yuborgan koʻplab islohotlar qilinganini koʻrish mumkin.

Avvalo, mintaqadagi davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi, chegaralar ochilib, yangi nazorat-oʻtkazish punktlari tashkil etildi, faoliyati toʻxtatib qoʻyilganlari qayta ishga tushirildi, oʻtkazish sigʻimi oshirildi, aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ogʻriqli masalalar ham konstruktiv muloqot usulida birma-bir oʻz yechimini topmoqda. Shu paytga qadar yaqin qoʻshnilarimiz bilan qanchalik ziddiyatga borib, boshi berk koʻchaga kirib qolganimizni bilgan biladi, bilmagan yoʻq. Ammo bugun qardoshlik rishtalari tiklanib, oʻrtadagi muzlar eritildi, koʻplab muammolar barham topdi. Umuman aytganda, Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlarida yangi sahifa ochildi, desak toʻgʻri boʻladi.

Iqtisodiy islohotlar haqida gap ketganda, turizmning rivojlanishi, soliq tizimidagi yangilanishlar, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bogʻliq muammolar bartaraf etilishi, bank-moliya sohasidagi oʻzgarishlar, xalqaro moliya operatsiyalarining jahon andozalari asosida amalga oshirilishini ishonch bilan tilga olish mumkin.

Jahon banki tomonidan yuritiladigan “Doing business” reytingida bugun Oʻzbekiston oʻrni keskin koʻtarilib borayotganini ham kezi kelganda eʼtirof etish joiz. Jumladan, mamlakatimiz 2018-yili 190 mamlakat orasida 66,32 ball bilan 74-oʻrinni egallagan va 13 ta pogʻonaga yuqorilagan boʻlsa, 2019-yili 67,4 ball toʻplab, nufuzi yana-da oshdi. Ushbu raqamlarning oʻziyoq Oʻzbekistonda yildan-yilga biznes faoliyatini yuritish osonlashib, byurokratik toʻsiqlar kamayib borayotganidan dalolat emasmi!?

Uzoq yillar toʻplanib qolgan ijtimoiy muammolar amaliy yechim topa boshlagani ham xalqimizning hayotdan rozi boʻlib yashashida juda muhim omildir. “Bosh maqsadimiz – xalqimizning roziligi”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak” kabi hayotbaxsh gʻoyalarga asoslangan holda inson huquqlari va erkinliklarini toʻliq taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi xalq xohish-irodasi, ehtiyojlarini inobatga olgan holda yaqin istiqbolga moʻljallangan taraqqiyotni belgilovchi dasturilamal boʻlganini alohida taʼkidlash lozim. Mazkur hujjatda asosiy eʼtibor “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasi qoidalarini mujassamlashtirgan holda davlat va jamiyat qurilishidagi tub oʻzgarishlarga qaratildi hamda davlat boshqaruvi sohasidagi yangilanishlar parlament faoliyatini chuqur isloh qilishdan boshlandi.

Birinchi navbatda, parlament va siyosiy partiyalarning roli yana-da kuchaytirilganini taʼkidlash joiz. Senator va deputatlar qonun loyihalarini koʻrib chiqish bilan cheklanib qolmay, balki joylarga chiqib, xalqning turmush darajasidan xabardor boʻlish, odamlarni qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda bevosita qatnashishi belgilandi. Milliy parlamentning ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat olib borish boʻyicha vakolatlari kengaytirildi.

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi izchil takomillashtirilib, modernizatsiya qilib borilmoqda. Bu aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini oshirmoqda. Xususan, tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim ishga tushirilishi “Doing Business” global reytingidagi “Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekistonning mavqei yil sayin koʻtarilishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani esa islohotlarning mohiyatida “Inson va uning manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ezgu gʻoya mujassamligini yaqqol namoyon etdi. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizning barcha hududlaridagi Xalq qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqotni, joylarda yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal etish, kamchiliklarni bartaraf qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoyalashni taʼminlamoqda. Prezidentning Xalq qabulxonalari muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishning faol tizimiga oʻtdi.

Mamlakatimizda inson omilining birlamchi ekanligini pandemiya davrida hukumatimiz tomonidan qilingan ishlar ham yaqqol koʻrsatib turibdi. Pandemiya sharoitida oʻtgan vaqt mobaynida xalqimiz salomatligi uchun barcha moddiy va maʼnaviy resurslar ishga solingani ayni haqiqat. Misol uchun, sogʻliqni saqlash sohasiga davlat byudjetidan 8 trillion 71,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilganining oʻziyoq fikrimiz tasdigʻidir. Ushbu mablagʻlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21,7 foizga koʻp demakdir. Bundan koʻzlangan maqsad bitta. U ham boʻlsa birinchi galda inson qadr-qimmatini joyiga qoʻyishdir.

Taʼkidlash joizki, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasida 1-iyul holatiga jami 7 trillion 442 milliard soʻm mablagʻ shakllantirilgan va shu kunga qadar jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 5 trillion 553 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Shuningdek, 2020-yil davlat byudjeti birinchi va ikkinchi darajali byudjet taqsimlovchilar kesimida shakllantirilgan.

Shu oʻrinda yana bir gap. Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi oʻlaroq, mamlakatimizda tadbirkorlik harakatiga keng yoʻl ochildi, investitsiya muhiti yaxshilanib, sarmoya kiritish kafolatlari kuchaytirildi. Natijada bugun mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 57 foizi kichik va oʻrta biznes subyektlari zimmasiga toʻgʻri kelayotgan boʻlsa, ishga yaroqli aholining 82 foizi ushbu jabhada xizmat qilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizdagi ortga qaytmaydigan va muqarrar tus olgan bugungi xalqchil demokratik jarayonlar Mustaqillik bergan eng katta neʼmat desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Aynan istiqlol tufayli yangi Oʻzbekistonning yangi qiyofasi koʻz oʻngimizda, aynan bizning ishtirokimizda – xalqimiz bilan birga yaratilmoqda.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari