Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” shiori ostida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, vazirliklar, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, Konstitutsiyaning inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi va Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 31 yilligi bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan mamlakatimizning taqdiri va kelajagini belgilaydigan umumxalq referendumida xalqimiz fuqarolik pozitsiyasi, yuqori siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va keng dunyoqarashini namoyon etish bilan birga, Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda faol ishtirok etdi va yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Eng asosiysi, ushbu referendum xalqimizda ertangi kunga – erkin va farovon kelajakka mas’uliyat hissining ortganligini yana bir marotaba isbotladi.
[gallery-14971]
Albatta, yangi tahrirdagi mamlakatimiz Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekiston va uning ajralmas qismi bo‘lgan Yangi Qoraqalpog‘istonning strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratish bilan birga, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy, sud-huquq sohalarini yanada barqaror rivojlantirishning ishonchli kafolatiga aylanmoqda. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan ushbu sanani munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida yangilangan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalarda, ta’lim muassasalarida va mehnat jamoalarida uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Ularda so‘nggi yillarda mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda Bosh qomusimizning o‘rni va rolini keng yoritish, fuqarolarni asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida jipslashtirish, “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” bosh g‘oyasini mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etish belgilandi. Mulkchilik huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport sohalarini yanada rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish singari qator vazifalarning ilgari surilganligi ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘lgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida qabul qilingan farmon hamda qarorlar asosida hududda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari, aholining farovon turmushini ta’minlash bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Tantanali tadbir san’at ustalarining bayram konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari