Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro yuridik forumda erishilgan dastlabki natijalar
13:13 / 2021-04-23

Toshkentda “Tashkent Law Spring” II xalqaro yuridik forumi davom etmoqda.

Markaziy Osiyo yurisprudensiya sohasidagi yirik xalqaro tadbir bo‘lgan mazkur forum kuni kecha o‘z ishini boshlagan edi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalari muhokama qilinmoqda.

Yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda forumda ochiq muloqot maydonchasi yaratildi. Xalqaro huquq hamjamiyati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlardan xabardor bo‘lmoqda.

Singapur yuridik jamiyati prezidenti Gregori Vidjayendran koronavirus bilan bog‘liq vujudga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat huquq sohasida texnologiya vositalaridan keng foydalanish jarayonlarini jadallashtirganini ta’kidlab o‘tdi.

“Central Asia Tech Law” asoschisi Ammar Yonas esa Markaziy Osiyo davlatlarida sun’iy intellektning huquq sohasida keng qo‘llanish istiqbollari masalalariga alohida to‘xtalib, bunda nazariy olimlar va amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada oshirish lozimligini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda yuristlar, shu jumladan, advokatlarning yetishmasligi sharoitida Legal Tech dasturlarini yaratish va amaliyotga joriy etish kelajakda advokatlarning Legal Tech yordamida ko‘plab fuqarolarga qisqa fursatlarda yuridik xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshirishi ta’kidlab o‘tildi.

“Tashkent Law Spring” II xalqaro huquqiy forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Singapur Huquq vazirligi bilan Huquq sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi bilan 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik dasturlari imzolandi.

Singapur Huquq vazirligi bilan tuzilgan memorandumning maqsadi o‘zaro tenglik va manfaatdorlik asosida huquq sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rag‘batlantirish uchun institutsional hamkorlik munosabatlariga asos solishdir.

Memorandum doirasida qonun ustuvorligini targ‘ib qilish, yuridik xizmatlar ko‘rsatish, xalqaro tijorat nizolarini hal qilish bo‘yicha xizmatlarni targ‘ib qilish, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik amalga oshiriladi.

Forumning ikkinchi ish kunida huquqiy axborot tarqatish orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda norma ijodkorligi masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda davlat huquqiy siyosatini, jumladan, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish borasida adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bosqichma-bosqich isloh qilinmoqda.

Xalqaro forum doirasida o‘tkazilgan “Huquqiy axborot: zamonaviy muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzuidagi davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.

Tadbirda huquq sohalarini raqamlashtirish jarayonida huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanish, davlat organlarida axborot ochiqligini ta’minlashning samarali vositalari, davlat axborot xizmatlaridan universal foydalanishni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari bo‘yicha fikr almashildi.

Davra suhbatida “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi direktori — Furqat Tojiyev “Huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi islohotlar, shuningdek, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining yangi vazifalari xususida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.

Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Qonun hujjatlari va huquqiy ma’lumotlar institutining RFB ma’lumotlar bazalarini shakllantirish departamenti direktori – Liliana Say “Qozog‘istonning huquqiy tizimlari: zamonaviy haqiqatlar”, Qirg‘iziston Adliya vazirligi Advokatlik va huquqiy targ‘ibot departamentining yetakchi mutaxassisi Qutman Kubatbekov “Qirg‘izistonning huquqiy tizimlari: zamonaviy tendensiyalar”, Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligining Huquqiy axborot ilmiy markazining ilmiy-texnik kengashi raisining o‘rinbosari, texnika fanlari doktori, professor Mixail Cyergin “Zamonaviy muammolar va ularni Rossiya Federatsiyasining huquqiy sohasidagi raqamli transformatsiya yo‘li bilan yengish”, Armaniston Adliya vazirligi Qonunchilikni rivojlantirish va huquqiy tadqiqotlar markazi direktorining o‘rinbosari-eksperti Lilit Petrosyan “Huquqiy hujjatlarga sharhlar ishlab chiqish faoliyati”, Belarus Respublikasi Huquqiy axborotlashtirish boshqarmasi boshlig‘i —Aleksandr Brausov “Global raqamli transformatsiya davrida huquqiy ma’lumotlarga kirish: Belarus Respublikasi tajribasi”, Xitoy Shimoliy-G‘arbiy institutining xalqaro huquq professori Xiumei Wang huquq sohasini raqamlashtirishga oid mavzuda ma’ruzalar qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA