Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yosh tadqiqotchilar xalqaro anjumani ish boshladi.
Ilm-fan, ta’lim va diplomatiya sohasidagi faol yoshlarni bir maydonga jamlagan ushbu tadbirda Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlari ilg‘or yoshlari bilan bir qatorda Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkiyadan kelgan navqiron olimlar ham qatnashdi.
Talabalar birlashmalari yetakchilari, ustozlar va ekspertlar muloqoti tajriba almashish va yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun qulay muhit yaratdi.
Ishtirokchilar safida mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi, ilmiy-tadqiqot institutlari va tahliliy markazlar vakillari ham bor. Bu holat yoshlar o‘z tashabbuslari bilan davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi amaliy aloqalarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotganidan dalolat.
Uchrashuvda Qozog‘istonning Ablayxon nomidagi xalqaro munosabatlar va jahon tillari universiteti hamda “Turan” universiteti delegatsiyalari ham qatnashgani Markaziy Osiyoda ta’lim va ilmiy hamkorlik ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Anjuman doirasida faol yoshlar MDH, SHHT, Yevropa Ittifoqi va TDT yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli qo‘mitalarda ishlash, madaniy va raqamli diplomatiya, bandlik hamda innovatsion yechimlar bo‘yicha rezolyutsiyalar ishlab chiqish ko‘nikmasini o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kuchliraqobat sezilib turgani, jarayonni diplomatiya sohasidagi nufuzli institutlar mutaxassislari kuzatib borgani mazkur tashabbus naqadar dolzarbligini ifodalaydi.
Yosh tadqiqotchilar uchun esa bu uchrashuv nafaqat muloqot, balki yangi ilmiy va amaliy loyihalar sari muhim bosqich maydoniga aylandi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/4kqBDKtxjm4?si=1i7d0qY5pzmsEqhs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Doniyor Yoqubov (video),
O‘zA