-
Singapurda so‘nggi 20 yilda ilk bor ayol qatl qilindi
Ayol giyohvand modda tarqatishda ayblangan, deyiladi Giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha markaziy byuro tarqatgan xabarda.
Saridevi Jamani taxminan 30 gramm geroin sotgani uchun 2018 yil o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.
Inson huquqlari faollari noroziligiga qaramay, hukm 2023 yil 28 iyulda ijro etildi.
Trampga yangi ayb qo‘yildi
Florida shtati janubiy okrugi katta hay’ati AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp ishiga yana bir band qo‘shimcha qildi. Yangi ayblov uning Mar-a-Lago dala hovlisida maxfiy qog‘oz saqlagani bilan bog‘liq.
Hujjatga “AQSH milliy mudofaasi bilan bog‘liq hujjatlarni ongli ravishda ushlab turgani uchun” bo‘limi tirkaldi. Shu tariqa ayblar soni 32 taga yetdi. Tramp ayblovni qat’iyan rad etib kelmoqda.
Nigerda hukmron partiya qarorgohi talon-taroj qilindi
Nigerda hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tgandan keyin ko‘chaga chiqqan olomon poytaxt Neameda hukmron partiya qarorgohini talon-taroj qilib, yoqib yubordi, deb yozmoqda “Niger Actu” nashri.
Payshanba kuni harbiylar milliy televideniyeda chiqish qilib, Prezident Muhammad Bazum lavozimidan chetlatilganini ma’lum qildi. Mamlakatda komendantlik soati e’lon qilindi.
Ekspertlar Nigerdagi vaziyat rivojiga baho berdi
Tahlilchilar fikricha, Nigerda ham harbiylar G‘arbiy Afrikaning ko‘plab mamlakatlarida odat tusiga kirgan usulni qo‘llaydi. Ya’ni, dastlab o‘tish davri e’lon qilinadi, keyinroq yangi konstitutsiya qabul qilinadi.
Shuningdek, ekspertlar armiya qaysi tomonda ekani mavhum bo‘lib qolayotganiga ham e’tibor qaratmoqda, chunki ayrim harbiylar Prezidentni yoqlashini bildirgan.
Mazkur mintaqada Fransiyaning nafaqat harbiy, balki moliyaviy va gumanitar ta’siri ham sezilarli, deyishadi.
AQSH va Italiya Ukrainaga
uzoq muddatli harbiy yordam berishga kelishib oldi
Payshanba kuni AQSH va Italiya Ukrainaga turli harbiy va boshqa yordamni qancha vaqt talab qilinsa, shuncha davom ettirishi to‘g‘risida bayonot e’lon qildi.
AQSH Senati kelgusi yil uchun mudofaa byudjetini tayyorladi
AQSH Senati mamlakatning 2024 moliya yili uchun tayyorlangan mudofaa xarajati loyihasini tasdiqladi. Hujjat 1 sentyabrdan kuchga kiradi.
880 milliard dollar miqdoridagi mudofaa byudjeti loyihasini yuqori palataning 86 a’zosi ma’qullagan, 11 kishi qarshi ovoz bergan.
Hujjatni endi Prezident Jo Bayden imzolashi kerak.
Gretsiya matbuoti Rodosdagi vaziyatni jahannamga tenglashtirmoqda
Mana bir necha kundirki, Gretsiyaning Rodos orolida yong‘inga qarshi kurash davom etyapti. Jurnalistlar oroldagi vaziyatni jahannamga taqqoslamoqda.
AQSH razvedkasi: Xitoy Rossiyaga yordam bermoqda
AQSH milliy razvedka idorasining vakillar palatasi razvedka bo‘yicha qo‘mitasida e’lon qilingan hisobotida Xitoy yetkazib berayotgan mahsulotlar – navigatsiya texnikasi, harbiy samolyot uchun ehtiyot qism, dron va radioelektron kurash vositalaridan iboratligi aytilgan.
– XXR urush sharoitida Rossiyaning muhim tayanchiga aylanmoqda, ehtimol Moskvani muhim texnologiya va ikkilamchi maqsadda foydalaniladigan texnika bilan ta’minlayotgan bo‘lishi ham mumkin, deyilgan hujjatda.
Xalqaro hamjamiyat yangi inqiroz davrini boshdan kechirmoqda.
Yaponiya mudofaa vazirligi har yili e’lon qiladigan “Oq kitob”da Xalqaro maydondagi kuchlar muvozanati o‘zgarishi ortidan iqtisodiy, harbiy va boshqa sohalarda mamlakatlar o‘rtasida raqobat, ayniqsa, AQSH va XXR qarama-qarshiligi kuchayishi taxmin qilingan.
Hisobotda quyidagi jumlalar bor:
– Dunyoda xalqaro savdo, mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqa kengaydi, chuqurlashdi. Afsuski, universal qadriyatlarga, siyosiy-iqtisodiy tizimga amal qilmayotgan mamlakatlarning ta’sir doirasi kengaymoqda. Xalqaro hamjamiyat Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir davr bilan yuzlashib, inqirozning yangi bosqichini boshdan kechirmoqda.
S.Rahimov, O‘zA