Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasining mamlakatimizga tashrifi davomida Markaziy bank rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda mamlakatimizdagi so‘nggi iqtisodiy o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati, joriy makroiqtisodiy vaziyat va prognozlar hamda texnik ko‘mak kabi masalalar muhokama qilindi.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida Markaziy bank tomonidan global vaziyatdan kelib chiqib, pul-kredit hamda makroprudensial siyosat borasida amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
Kutilayotgan makroiqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlariga muvofiq Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan asosiy va muqobil ssenariylarida ko‘zda tutilayotgan prognozlar va ular yuzasidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan choralar atroflicha muhokama etildi. Bunda XVJ missiyasi rahbari tomonidan pul-kredit siyosati va moliyaviy barqarorlik sohasida Markaziy bankning tatbiq etayotgan choralari va olib borayotgan siyosati qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida kelgusi davrlarda xodimlar salohiyatini oshirish borasida XVJ tomonidan taqdim etiladigan texnik ko‘makning yo‘nalishlari belgilab olindi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA