Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar ko‘paymoqda
21:20 / 2024-01-27

Bugungi kunda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilib, eng so‘nggi pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim-tarbiya berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ana shunday namunali ta’lim maskanlaridan biri  Konimex tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘z faoliyatini boshlaganiga hademay ikki yil bo‘ladi.  

Matematika, fizika va ingliz tili fanlari chuqurlashtirilib o‘qitiladigan maktabda 245 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 26 nafar pedagog saboq bermoqda. 

– 2022 yildan buyon mazkur maktabda ishlamoqdaman, – deydi matematika fani o‘qituvchisi Madina Xudoyqulova. – O‘z oldimga katta maqsadlarni qo‘yganman. O‘quvchilarning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solmoqdamiz. Faoliyatim davomida o‘quvchilar bilan ishlab o‘z bilimimni yanada boyitish maqsadida magistraturani boshqarish testini topshirib, xalqaro GMAT sertifikatini oldim. Buning uchun xalqaro matematika va ingliz tilini o‘rgandim. Hozir o‘rganganlarim asosida o‘quvchilarga saboq bermoqdaman.  

Joriy o‘quv yilida ta’lim muassasasida o‘qituvchilarning 4 nafari xalqaro GMAT va 1 nafari GRE sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, fizika fani o‘qituvchisi Botirjon Hamidov va matematika fani o‘qituvchisi Qurbon Ismatov Navoiy davlat pedagogiga institutining tayanch doktorantura (PhD)siga o‘qishga qabul qilindi.  

Maktabda darslardan tashqari asosiy fanlar bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar hamda to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilar bo‘sh vaqtlarida shaxmat va voleybol bilan shug‘ullanishi, “Zakovat” klubida bilim va tafakkurini charxlashi uchun imkoniyatlar yaratilgan.  

– Maktabimizda ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilab olganmiz, – deydi maktab direktori Qaldarbek Yesibekov. – Birinchi navbatda o‘qituvchilarning bilim salohiyatini oshirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun o‘qituvchilarimiz xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lish uchun tayyorgarlik jarayonlarini boshlab yuborishgan. Ayni paytda ularning 40 foizi ana shunday sertifikatlarga ega. Agarda ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar yetarlicha bilim va tajribaga ega bo‘lishsa, ta’lim sifatini ko‘tarishda ham, o‘quvchilarga bilim berish va ular bilan ishlashda ham, yangidan-yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanishda ham yuqori natijalarga erishsa bo‘ladi.  

Zamonaviy binodagi o‘quv xonalari, kutubxona, sport zali, laboratoriyalardagi shart-sharoitga havas qilsa, arziydi. Bu esa maktabda har jihatdan raqobatbardosh, keng dunyoqarash va mustaqil fikrga ega yoshlar safining ko‘payishiga xizmat qiladi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/cozEkPnJsK8?si=c_PzTor_l8a61k66" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat,video),

O‘zA muxbirlari