O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq:
a) Parij bitimi talablariga muvofiq, 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 35 foizga qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi majburiyatining to‘liq bajarilishini ta’minlash;
b) respublikaning issiqxona gazlari emissiyasini qiqartirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda xalqaro uglerod birliklari bozoriga chiqishini ta’minlash orqali investitsiyalarni jalb etish Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etishning asosiy maqsadi etib belgilandi.
Farmonga ko‘ra Parij bitimining 6-moddasiga muvofiq xalqaro uglerod birliklari, shuningdek, xalqaro yumshatish natijalari shaklidagi uglerod birliklari (1TM0) bozorida ishtirok etish tartibi joriy etiladi.
Uglerod birliklarini O‘zbekiston Respublikasining Milliy miqyosda belgilangan hissasi (NDC) doirasida qamrab olingan va issiqxona gazlari xatlovida aks ettirilgan faoliyatlar turlariga muvofiq ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasining Milliy miqyosda belgilangan hissasining (NDC) xalqaro moliyaviy ko‘mak hisobiga bajariladigan shartli majburiyatlar qismida aks ettirilgan xalqaro uglerod birliklari bozoridagi faoliyatlarni amalga oshirishga ustuvorlik beriladi.
Uglerod birliklari (1TMO)ning:
20 foiz hajmi barcha uglerod birliklari savdosiga yo‘naltiriladigan loyihalar doirasida O‘zbekiston Respublikasining issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish bo‘yicha majburiyatini bajarish hamda uglerod birliklarini me’yordan ortiq sotish xavfini (overselling risk) kamaytirish maqsadida saqlab qolinadi hamda ushbu hajmni xalqaro savdoga chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi;
80 foiz hajmi xalqaro uglerod savdolarga yo‘naltiriladi, bundan investorlar bilan davlat-xususiy shaklda davlat tashkilotlari va korxonalari ishtirokida (buyurtmachiligida) amalga oshirilgan loyihalardan yuzaga keladigan va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasarruf qilinadigan uglerod birliklari mustasno;
b) davlat ishtirokidagi loyihalar doirasida uglerod birliklarining savdoga yo‘naltiriladigan miqdori, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni jalb qilish va uglerod birliklari savdosidan tushadigan tushumlarni taqsimlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
v) har bir uglerod birligi uchun Davlat byudjetiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda yig‘im undiriladi.
Uglerod birliklari bilan bog‘liq operatsiyalar hisobini yuritish Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Milliy uglerod birliklari reyestri orqali amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab Milliy uglerod birliklari reyestri ishga tushiriladi.
O‘zA