Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro uchrashuvda Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik oqibatlarini yumshatishga e’tibor qaratildi
12:19 / 2022-06-06

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Shvetsiyaning Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan “Stokgolm+50: butunjahon farovonligi uchun sog‘lom sayyora – bu bizning mas’uliyatimiz va imkoniyatimiz” Xalqaro uchrashuvida ishtirok etdi.

Stokgolmdagi uchrashuvda 137 mamlakatdan delegatsiyalar, shu jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, shuningdek, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, BMT tarkibiy bo‘linmalari va ko‘p tomonlama ekologik konvensiyalar rahbarlari qatnashdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, qattiq chiqindilarni boshqarish, ekologik muvozanat va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish borasidagi asosiy yutuqlariga e’tibor qaratdilar. Xususan, “Raqamli davrda barqaror rivojlanish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi” mavzusidagi alohida sessiyada O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov nutq so‘zladi.

O‘zbekistonda boshqa tadbirlar bilan bir qatorda, Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va mintaqada ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish hisobiga Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, Stokgolm forumi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Birlashgan millatlar tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha dasturi rahbariyati, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya kotibiyat, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi, YeOK atrof-muhit bo‘yicha Boshqarmasi, Global ekologiya jamg‘armasi, Shvetsiya atrof-muhit agentligi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha direksiyasi, Shvetsiya chiqindilarni boshqarish assotsiatsiyasi, Shvetsiya atrof-muhit instituti, shuningdek, turli mamlakatlar delegatsiyalarining bir qator vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasining O‘zbekistondagi faoliyati, shu jumladan, xalqaro yordamni jalb etgan holda mintaqada ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi.

Bir qator hamkorlar 2022 yilda Nukusda bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi Birinchi Orolbo‘yi xalqaro forumida ishtirok etishga, shuningdek, mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan raqamli transformatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

O‘zA