Mamlakatimiz mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan Amerika Qo‘shma Shtatlari 30 yildan ortiq vaqt davomida respublikamizning muhim va manfaatli hamkorlaridan biriga aylandi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam poydevor asosida shakllangan bo‘lib, an’anaviy tarzda o‘zaro ishonch va strategik sheriklik ruhida rivojlanib kelmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda o'zaro hamkorlikni barcha sohalarda yangi bosqichga olib chiqish borasidagi izchil sa’y-harakatlar o‘z mevasini bera boshladi. Chunonchi, o‘tgan 2025-yil O‘zbekiston – AQSh munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi va strategik sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. E’tiborga molik jihati, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik investitsiya, savdo, ta’lim, sport, ilmiy tadqiqot hamda diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda. O‘zaro aloqalarni mustahkamlanishi va kengayishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga amalga oshirgan tashriflari ijobiy rol o‘ynagani shubhasiz.
Ma’lumki, jahon sportida AQShning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Boshqa sohalar kabi sport yo‘nalishida ham o‘zaro aloqalar O‘zbekiston sportchilarining xalqaro maydonlarda yuqori natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonning ko'plab sport federatsiyalari AQSh bilan doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan sportga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida o‘ziga xos “O‘zbek sporti modeli” shakllandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda yurtimizda Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bilan bir qatorda milliy sport turlari ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, o‘zbek milliy sport turi Turon yakkakurashi uchun 2025-yil tarixiy yil bo‘ldi. Markaziy Osiyo, qolaversa turkiy davlatlarning milliy sport turlari orasida ilk bor AQShning Nyu-York shahrida O‘zbekistonning milliy sport turi — Turon yakkakurashi bo‘yicha xalqaro boshqaruv organi — International Turon Federation (Xalqaro Turon Federatsiyasi) tashkil etildi.
Xalqaro Turon Federatsiyasi vakillari (AQSh, Kanada, Angliya, Turkiya va Meksika) 2025-yil dekabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi. E’tiborlisi, milliy sport turimizning xalqaro tashkiloti bosh qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgani O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga hamda Turon yakkakurashining xalqaro maydonda rivojlanishiga xizmat qiladi.
2026-yil yanvar oyida Xalqaro Turon Federatsiyasi prezidenti Farrux Niyazimbetov AQSh Kongressi tomonidan beriladigan nufuzli Certificate of Special Congressional Recognition mukofoti bilan taqdirlandi.
Mazkur sertifikat AQSh Vakillar palatasi a’zosi, Nyu-York shtatining 11-okrugi vakili Nikol Malliotakis tomonidan Farrux Niyazimbetovning Xalqaro Turon Federatsiyasi prezidenti etib saylangani hamda Turon sport turini xalqaro miqyosda rivojlantirish va targ‘ib etishdagi xizmatlarining e’tirofi sifatida taqdim etildi. Ushbu rasmiy e’tirof Turon yakkakurashining bugungi kunda xalqaro sport maydonida tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
2025-yilda Nyu-York shahrida tashkil etilgan Xalqaro Turon Federatsiyasi qisqa vaqt ichida turli qit’alarda milliy federatsiyalarni shakllantirish, xalqaro musobaqalar o‘tkazish hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish orqali faoliyatini izchil rivojlantirib bormoqda. AQSh Kongressi a’zosi tomonidan berilgan mazkur e’tirof ITF tarixida muhim bosqich bo‘lib, federatsiyaning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.