Namangan shahri Davlatobod tumani “Afsonalar vodiysi” tematik parkida sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha professionallar o‘rtasida “Chempionlar ligasi” xalqaro turniri o‘tkazildi.
O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining qo‘l jangi federatsiyasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda nomdor sportchilar ishtirok etdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 17 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi o‘zagini tashkil etuvchi Milliy gvardiya qo‘shinlariga qarashli Namangan viloyati “Dinamo” sport jamiyati a’zolari Rossiya Federatsiyasidan kelgan qo‘l jangi ustalariga qarshi ringga ko‘tarildi.
48 kilogrammdan 80 kilogrammgacha bo‘lgan beshta vazn toifasida bo‘lib o‘tgan janglarda yuksak mahorat va o‘ziga xos shijoat ko‘rsatgan hamyurtlarimiz yakunda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Xalqaro turnirning dastlabki jangida jahon chempionati kumush medali sovrindori, uch karra O‘zbekiston chempioni Ma’suma Mo‘minova va xalqaro turnirlar sovrindori Alana Zagalova ringga ko‘tarildi. Raqibga hech qanday imkon qoldirmay nokaut hisobiga zafar quchgan hamyurtimiz terma jamoamiz g‘alabasini boshlab berdi.
Ayollar o‘rtasidagi jangda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi, jahon chempionati va kubogi g‘olibi, Osiyo chempioni Shirinoy Zohidova va jahon chempionati sovrindori, Rossiya birinchiligi g‘olibi Karina Xachaturyan kuch sinashdi. Uch raund davom etgan jangda vatandoshimizning qo‘li baland keldi.
Musobaqaning eng asosiy jangida jahon va Osiyo chempionati sovrindori, xalqaro toifadagi sport ustasi Alisher Jo‘raxonov jahon kubogi sovrindori va Rossiya birinchiligi g‘olibi Vadim Akalovichga qarshi kurashga chiqdi. Ochkolar hisobida biroz ustunlikka erishgan terma jamoamiz vakili turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
– Shahrimiz mezbonlik qilayotgan “Chempionlar ligasi” xalqaro turnirida ikkinchi marotaba ishtirok etishim. O‘tgan yilgi g‘alabani takrorlashga astoydil ahd qilgan edim, – deydi Milliy gvardiya Namangan viloyati boshqarmasi xizmatchisi, xalqaro toifadagi sportchi, serjant Shirinoy Zohidova. – Ochig‘i, bunga erishish oson bo‘lmadi. Ustozlarim ishonchi, qolaversa, uch yoshli farzandimning “Mening onam chempion”, deb mag‘rurlanib yurishi uchun ham oldimga qo‘ygan marraga erishdim. “Chempionlar ligasi” xalqaro turnirining g‘oliblari va barcha ishtirokchilari turnir tashkilotchilari tomonidan diplom, qimmatbaho sovrinlar, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Nufuzli musobaqada mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘targan sportchilarimiz endilikda Qozog‘istonda bo‘ladigan qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA