Isroil poytaxti Tel-Avivda “The International Mediterranean Tourism Market” (xalqaro O‘rta yer dengizi turizm bozori) xalqaro sayyohlik yarmarkasi ish boshladi.
Ellikdan ortiq davlat vakillari qatnashayotgan ko‘rgazmada samarqandlik tadbirkorlar ham o‘z mahsulotlari va turistik xizmatlarini taqdim etmoqda. Jumladan, “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi, Samarqand xalqaro aeroportining “Air Marakanda” boshqaruv kompaniyasi o‘z xizmatlari to‘g‘risida ma’lumot berib, hamkorlik bo‘yicha takliflarini ilgari surmoqda.

Yarmarkaning birinchi kunida Samarqand viloyati madaniyat va turizm boshqarmasi vakillari Isroilning sayyohlik idoralari, yer usti transport kompaniyalari, aviakompaniyalar hamda turli mamlakatlar vakolatxonalari bilan bir qator muzokaralar olib bordi.


Mazkur xalqaro yarmarka 29 yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Tadbir nafaqat O‘rta yer dengizi atrofidagi, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
G‘.HASANOV, O‘zA