O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo xorijiy davlatlarning iqtidorli mutaxassislari Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida ta’lim olishi bo‘yicha maxsus grant ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, Akademiya huzuridagi “Global yashil turizm startaplari” laboratoriyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
respublikada “yashil turizm” talablarini keng qo‘llashga ko‘maklashuvchi innovatsion ishlanmalarni yaratish;
startap loyihalarga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilishda, shu jumladan, zamonaviy texnologiyalar va dasturiy mahsulotlar transferini amalga oshirishda ko‘maklashish;
startap loyihalar hamda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan yangi ma’ruzalar, qo‘llanmalar, o‘quv materiallari yaratishda hamda “yashil turizm” masalalari bilan bog‘liq o‘quv faoliyatining boshqa shakllarida foydalanishni tashkil etish;
“yashil turizm” yo‘nalishida innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish, ularning natijalarini tijoratlashtirish va keng targ‘ib qilishga ko‘maklashish;
“yashil turizm” yo‘nalishidagi startap loyihalarni, ilmiy-tadqiqot ishlari va olingan natijalarni muntazam muhokama qilib borish.
Mazkur Nizom Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo xorijiy davlatlarning iqdidorli mutaxassislari Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida ta’lim olishi (qayta tayyorlash va malaka oshirish) bo‘yicha maxsus grant ajratish tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra har yili Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo davlatlarning 100 nafar iqtidorli mutaxassislariga Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida ta’lim olish uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan maxsus grant ajratiladi.
Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida maxsus grant asosida ta’lim oladigan mutaxassislar yil davomida o‘tkazib boriladigan tanlov orqali aniqlanadi.
Ma’lumot uchun, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2025 yil 20 noyabrdagi PQ-Z 50-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va BMTning Butunjahon turizm tashkiloti o‘rtasida tuzilgan kelishuv bitimiga muvofiq Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tashkil etilgan;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 12 yanvardagi PF-9-son Farmonida Akademiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili Davlat byudjeti hisobidan mablag‘lar ajratib borilishi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 18 iyuldagi PQ-269-son qarorida:
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Akademiyada mehmonxonalar va restoranlar uchun yuqori malakali xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
Akademiyaga talabalarni qabul qilish kvotalari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqib belgilangan;
Akademiya Samarqand shahrining Bobur Mirzo ko‘chasi Za-uy manzilidagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga qarashli binoga bepul joylashtirilishi nazarda tutilgan edi.
O‘zA