French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro transport aloqalari – istiqbolli yo‘nalishlar
13:47 / 2022-11-06

Yaqin kunlarda ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining oliy darajadagi birinchi sammiti o‘z ishini boshlaydi. Davlat rahbarlari darajasidagi mazkur sammitlar Tashkilotning oliy tuzilmasi bo‘lib, 2011 yildan boshlab har yili bir marotaba o‘tkazib kelinmoqda.

O‘tgan yili Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Turkiy kengash nomini Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Hozir tuzilma tarkibida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon hamda O‘zbekiston kabi mamlakatlar bor. Vengriya kuzatuvchi bo‘lsa, Turkmaniston betaraf davlat sifatida uning doimiy mehmonidir.

Turkiy davlatlar tashkilotining maqsadi – a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish. Asosiy vazifalari mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rag‘batlantirish, siyosiy, huquqiy muhofaza qilish kabilardir.

Mazkur vazifalar o‘tgan yili 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” istiqbolli dasturiy hujjatda o‘z aksini topgan. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Turkiy davlatlar savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun transport va tranzit masalalariga alohida e’tibor qaratish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish kabi takliflar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan edi.

Hozir tashkilotning diqqat markazida a’zo davlatlar o‘rtasida transport aloqalarini ta’minlash, bojxona va transport tartiblarini soddalashtirish masalalari turibdi. O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining mamlakatlari bilan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Zero, ushbu masala “Turkiy dunyo nigohi – 2040” strategik hujjatida alohida o‘rin tutadi. Bundan tashqari, asosiy e’tibor mamlakatlar transport aloqalarini ta’minlash, bojxona va transport tartiblarini, jumladan, raqamlashtirish orqali soddalashtirishga qaratilmoqda.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatlar transport xizmatlariga haq to‘lash uchun ikki baravar ko‘p mablag‘ sarflaydi. Ko‘p holda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport xarajatlari import qilinadigan tovarlar qiymatining 60 foiziga yetadi.

bugungi kunda O‘zbekistonning eksport-import va tranzit aloqalari 9 ta xalqaro transport yo‘laklari bo‘ylab amalga oshirilmoqda, ulardan 8 tasi kamida mazkur tashkilotga a’zo bir mamlakat orqali o‘tadi. O‘zbekiston bilan chegaradosh 5 mamlakatdan 2 tasi tashkilot a’zosi (Qozog‘iston va Qirg‘iziston) va 1 tasi davlat kuzatuvchi maqomiga ega (Turkmaniston).  

Hozir jahonning aksariyat davlatlari oldida ko‘ndalang turgan muammolar transport va bojxona sohalarida kuzatilmoqda. Shu bois ham tashkilotga a’zo davlatlar boshqa davlatlarni ham bojxona tartib-taomillari soddalashtirilgan “Turkiy yo‘lakka” integratsiyalanishiga chaqirmoqda.

Negaki, Osiyo orqali asosiy jahon bazorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqa Osiyo mamlakatlariga, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiyadan Yevropa davlatlariga chiqishni taminlash muhim ahamiyatga ega.  

Bu yo‘nalishlarda transport yo‘laklarini rivojlantirish logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish umumiy manfaatlarimizga to‘la javob beradi. Tashkilotga a’zo davlatlar raqamli texnologiyalarni joriy etishni kengaytirishga intilishi raqamlashtirish sohasida amaliy hamkorlikni yanada oshirish, jumladan, elektron mintaqalararo savdo va tovar birjasini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun sharoit yaratadi.

Raqamli yechimlarni Markaziy Osiyo mamlakatlarini Xitoy va Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan quruqlik ko‘prigiga aylantirishga imkon beradi. Bu esa, mintaqa davlatlarining global ta’minot zanjirlariga va xalqaro tranzit yuk tashuvlariga yanada chuqurroq integratsiyalashuvini ta’minlaydi.  

Mavluda IRISBEKOVA,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor