“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati xalqaro to‘lov kartalaridan foydalanish bilan bog‘liq turli firibgarlik usullariga duch kelmoqda.
2021 yildan boshlab yangi firibgarlik turi sodir bo‘lmoqdaki, borgan sari O‘zbekiston karta egalari uning qurboniga aylanmoqda. Ushbu maqolada Visa va MasterCard xalqaro karta sohiblarini mazkur firibgarlik haqida ogohlantirmoqchimiz.
Bitcoin kriptovalyutasining tobora ommalashib borishi sharoitida brokerlar ko‘rinishidagi firibgarlar turli platformalarda ushbu kriptovalyutani xarid qilish bo‘yicha manfaatli bitim tuzishni taklif etishadi. Karta egasi ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng firibgarlar ulardan foydalanuvchi qurilmasidan uchinchi shaxslarga kirishni ta’minlaydigan «AnyDesk» dasturini o‘rnatishlarini so‘rashadi. Jinoyatchilar karta egasining qurilmasidan bemalol foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritganlaridan so‘ng, mijozning barcha shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanadilar va kriptovalyuta sotiladigan platformada ro‘yxatdan o‘tadilar.
Firibgarlar keyingi bosqichda karta egasini jinoyatchining saytida virtual hamyon ochishga ko‘ndiradilar. Kriptobirja mablag‘lari keyinchalik ushbu hamyonga ko‘chiriladi. Shundan so‘ng firibgarlar undan mablag‘larni kriptobirja saytiga ko‘chirishga undaydilar va «AnyDesk» dasturi orqali mijozning mablag‘laridan foydalanishni boshlaydilar. Shundan keyin mijoz yaxshigina mablag‘ga ega bo‘lgach, firibgarlar bu mablag‘larni ularning saytida ochilgan elektron hamyonga ko‘chirishini so‘rashadi. Natijada, karta sohibi ushbu hamyondan pullarini olib chiqib keta olmaydi ham, ularga e’tiroz bildira olmaydi ham.
Dispute Resolution MPS Visa va MasterCard haq-huquqlariga ko‘ra, bu kabi holatlarda kriptobirja mijoz oldida o‘z majburiyatlarini bajargani va mablag‘larni karta egasi ko‘rsatgan hisobga yoki virtual hamyonga ko‘chirgani uchun ham karta egasi e’tiroz bildira olmaydi.
Shuningdek, karta egalari shaxsga doir ma’lumotlari va karta ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermasliklari kerakligini yodda tutishlari lozim. Foydalanuvchi kelishuviga faqatgina belgi qo‘ymasdan, uning shartlari haqida e’tibor bilan tanishib chiqish lozim. Chunki bu kabi holatlarda Xalqaro to‘lov tizimi Qonun-qoidalariga ko‘ra, tranzaksiya uchun javobgarlik faqat karta egasi zimmasiga tushadi. O‘z navbatida, yuqorida ko‘rsatilgan qoidalarga ko‘ra, e’tiroz bildirish va mablag‘larni qaytarib olishning imkoni bo‘lmaydi, banklarda brokerlarning horijiy saytlariga ta’sir ko‘rsatish mexanizmi mavjud emas, shunday ekan, yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha qaror qabul qilish tijorat banklarining vakolatiga kirmaydi.
Xulosa qilib aytganda, karta egalari internet-saytlari, internet-do‘konlaridan xizmatlarni xarid qilishda e’tiborli bo‘lishlari, xarid shartlari bilan tanishishlari, kartalarga nisbatan beparvo bo‘lmasliklari va ushbu karta ma’lumotlarini begona shaxslarga bermasliklari tavsiya etiladi.
“O‘zmilliybank” AJ Matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida