English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro tog‘ musobaqasidan Buxorodagi ilk tungi poygaga qadar: Sport – sog‘lik garovi! (+video)
08:00 / 2023-08-16

O‘zbekistondagi ilk xalqaro tungi poyga 26 avgust kuni Buxoro ko‘chalarida o‘tadi

Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, aholining turli qatlami, jumladan, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish ko‘lami tobora kengaymoqda. Har kuni respublikamizning turli hududlarida “Sport – sog‘lik garovi” shiori ostida ko‘plab musobaqalar tashkil etilayotgani, ayniqsa, quvonarli.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tug‘risida”gi farmoniga asosan, jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarziga qaratilgan hayotiy ko‘nikmani shakllantirish, jismoniy faollikni oshiradigan tadbirlarni tizimli va samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Masalan, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqasi turkumiga kiruvchi “Zaamin Ultra 2023” xalqaro tog‘ bellashuvi, “Bukhara Night Race” tungi poygasi nafaqat yurtimiz, balki xorijiy davlatlardan ham ko‘plab sport ixlosmandlarini chorlamoqda.

Zomin milliy tabiat bog‘i hududida uchinchi marta tashkil etilgan musobaqa 50, 21, 10 va 2 kilometr masofada o‘zaro bahslashgan yigirmaga yaqin mamlakatning 2 mingga yaqin sportchisini birlashtirdi.

Aslida, marafon shunchaki musobaqa yoki g‘oliblik uchun kurashish emas. Joriy yil ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tishi jarayonida yig‘ilgan mablag‘ to‘liq bolalar sport maydonchalari qurilishiga yo‘naltirildi.

Zomindagi marafon qatnashuvchilar uchun unutilmas taassurotlar hadya etdi, desak mubolag‘a emas. Zero, dengiz sathidan 2200-2500 metr balandlikda joylashgan yugurish yo‘lagi Toshkent teleminorasidan 6 barobar baland, degani.

His-hayajonga boy, sportchilar xotirasida o‘chmas iz qoldirgan ikki kunlik “Zaamin Ultra 2023” marafoni har yil an’anaviy tarzda o‘tkazilmoqda. Tabiiyki, mazkur xalqaro tadbir aholi o‘rtasida sportga qiziqishni oshiradi, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qiladi.

26 avgust kuni charog‘on tungi Buxoro bo‘ylab o‘tadigan ilk tungi poyga eski shaharning diqqatga sazovor joylari – Minorai Kalon, masjid, madrasa, karvonsaroylar, tillarda doston gumbazlar tevaragida o‘ziga xos, yoqimli muhit hosil qilishi shubhasiz.

<iframe width="887" height="499" src="https://www.youtube.com/embed/7N12yHFymCw" title="Xalqaro tog‘ musobaqasidan Buxorodagi ilk tungi poygaga qadar: Sport – sog‘lik garovi!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Behruz Xudoyberdiyev,

Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA