Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ekspertlar guruhi majlisida “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Muhokamada qo‘mita ekspertlari tomonidan mintaqaviy va xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda ham milliy, ham xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli faollashayotgani ta’kidlandi.
Ushbu sohada nizolarni ko‘rishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sarf-xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash va shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obro‘sini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, Iqtisodiy protsessual kodeksi arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni iqtisodiy sudlar sudloviga kiritishni hamda arbitraj muhokamasining taraflaridan biri chet ellik shaxs – O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lishi munosabati bilan arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishni viloyat darajasidagi sudlarning sudloviga kiritishni, arbitraj sudida ko‘rilayotgan da’vo bo‘yicha iqtisodiy sud tomonidan ta’minlash choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibini, arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha iqtisodiy sud tomonidan ko‘rilgan ta’minlash choralarini bekor qilish uchun aniq asoslar belgilangan yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga arbitraj hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi arizalar yuzasidan to‘lanadigan davlat boji undirish asosi va miqdorini belgilagan holda qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi xalqaro arbitraj bilan bog‘liq xalqaro normalarning milliy qonunchiligimiz bilan moslashtirilishiga xizmat qilishi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA