Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro tibbiyot kunlari: xorijlik shifokorlar Namanganda
12:22 / 2022-04-30

Prezidentimizning shu yil 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida sog‘liqni saqlash xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishda xorij tajribasidan keng foydalanish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Ayni shu maqsadda Namanganda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zLiDeP faoli Nosirbek Abdullaxonov hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi sa’y-harakati bilan “Xalqaro tibbiyot kunlari” tashkil etildi. Unda Ozarbayjon va Germaniya davlatlaridan tajribali shifokor-olimlar taklif etildi.

Tadbir doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida anjuman o‘tkazildi. Unda sohada qo‘llanilayotgan tajribalar, amaliyotga tadbiq etilayotgan yangi texnologiyalarga oid ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Xususan, Germaniyaning Gannover universiteti klinikasi professori Mikail Gabelning “Jigarning gastroenterologik va elestografik tekshiruvi” mavzuidagi ma’ruzasi eshitildi. Doktor Gabel o‘z kuzatuvlari asosida olib borilgan tadqiqotlar natijalari, ayniqsa zamonaviy ultratovush tekshiruv qurilmalari vositasida oshqozon osti bezi va jigar xastaliklariga aniq tashxis qo‘yish usullarini slaydlar asosida izohlab berdi. 

Chet ellik mehmonlar Namangan shahridagi "ANAMED" tibbiy diagnostika markazi faoliyati bilan tanishib, xususiy klinikaning zamonaviy texnologiyalarni tadbiq etish faoliyatini o‘rgandi. 

– Yoshim 25da, bir yildan beri bo‘qoq alomatlari bezovta qiladi, – deydi Chust tumanidagi Chustnon qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nazokat Qayumova. – Davolash muassasalariga bordim, ammo aniq tashxis qo‘yishni imkoni bo‘lmadi. Ozarbayjonlik shifokordan minnatdorman. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng, menda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga ehtiyoj yo‘qligi, ambulator sharoitda davolanishim mumkinligini aytdi. Tibbiyotdagi islohotlar eng avvalo, inson qadri uchun ekanligini chin yurakdan his etdim. 

"ANAMED" klinikasida shu kunning o‘zida Namangan shahridagi Boburshoh dahasida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan, ortiqcha vaznga ega bo‘lgan bemor ayolning oshqozonini kichraytirish jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. E’tiborlisi, bunday operatsiya hozirgacha faqatgina poytaxtimizda bo‘lgan, lekin viloyatlarda o‘tkazilmagan edi. Amaliyot jarayonlarini viloyatdagi bir qator malakali shifokorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri videomonitor orqali kuzatib bordi. 

“Xalqaro tibbiyot kunlari” mehmonlari Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashib, ikki tomonlama tajriba almashish va o‘rganilishi mumkin bo‘lgan amaliy tadbirlar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi. Xorijlik mutaxassislar ishtirokida viloyatdagi  shifoxonalarda jarrohlik amaliyotlari, tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba yoshlar bilan muloqotlar, “mahorat saboqlari” kabi amaliy tadbirlar ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Xorijiy shifokor-olimlarning Namanganga tashrifi davom etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA