Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro temiryo‘lchi yoshlar forumi ishtirokchilarni yagona maqsadga birlashtirdi
14:18 / 2024-11-08

Toshkentda ilk bor Xalqaro temiryo‘lchi yoshlar forumi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur forum Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar temir yo‘l transporti bo‘yicha kengashining 81-yig‘ilishi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida tashkil etildi.  

Forumda so‘z olgan mas’ullar ushbu nufuzli tadbir temiryo‘l sohasida mehnat qilayotgan yoshlar uchun har tomonlama amaliy natijalarga ega ekanini ta’kidladi. Mazkur tadbir yosh mutaxassislarni o‘zaro muloqotga chorlab, bir-biri bilan tajriba almashish va sohadagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdi.  

Ishtirokchilarning qayd etishicha, yosh temiryo‘lchilar temiryo‘l sohasidagi asosiy kuch hisoblanadi va ular bugungi kunda ko‘plab yo‘nalishlarda ilg‘or texnologiyalardan foydalanib, transport tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Soha yoshlari yuk va yo‘lovchi tashish samaradorligini oshirish, xavfsizlikni ta’minlash va energiya tejamkorligini kuchaytirish yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshiryapti. Ular temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy signalizatsiya va aloqa tizimlarini joriy etish, shuningdek, raqamlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etayotir.  

Shu bilan birga, mamlakatimizda yosh temiryo‘lchilarning tarmoq bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. Ular uchun maxsus treninglar, o‘quv kurslari va xalqaro stajirovkalar tashkil etilyapti. Yoshlar turli forum va konferensiyalarda qatnashish orqali turli davlatlar tajribasini o‘rganib, sohadagi innovatsion yechimlarni o‘z yurtlarida qo‘llash imkoniga ega bo‘lmoqda. Bunday imkoniyatlar orqali yosh mutaxassislar sohani yanada rivojlantirish, transport tizimini ekologik jihatdan barqaror qilish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga katta hissa qo‘shyapti.  

Forum doirasida ishtirokchilar Toshkent davlat transport universiteti muzeyini tomosha qildi. Shuningdek, ular yuqori tezlikdagi Afrosiyob poyezdi faoliyati va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda yoshlar bilan bog‘liq amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. So‘ngra ishtirokchilar uchun Samarqand va Toshkent shaharlariga sayohat tashkil etildi.  

N.Ziyodullayeva,

O‘zA