“O‘zatom” agentligi huzuridagi Atom texnologiyalari axborot markazida bo‘lib o‘tgan “Mamlakat uchun atom” mavzusidagi xalqaro teleko‘prik Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va belaruslik ekspertlar hamda talabalarni birlashtirdi.
Qayd etish kerakki, ushbu mamlakatlar 1997 yilda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik uchun tuzilgan MDHga a’zo sakkiz davlatning atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha komissiyasi tarkibiga kiradi. Ayni paytda bu davlatlarda faoliyat yuritayotgan Axborot markazlari faoliyati aholini atom texnologiyalarining qo‘llanish sohalari to‘g‘risida bilim va tushuncha berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Teleko‘prikni “Rosatom” davlat korporatsiyasining Belarusdagi ofisi direktori Stanislav Levitskiy ochib berar ekan, u atom texnologiyalari hayot sifatini yaxshilash va kelajagimiz uchun yanada qulay muhit yaratishi, “Rosatom” hozirgi kunning o‘zidayoq millionlab odamlarning hayotini yaxshilashga yordam beradigan texnologiyalarni ishlab chiqish orqali ushbu taraqqiyotga sezilarli hissa qo‘shib kelayotganini qayd etdi.
bugungi kunda atom texnologiyalari ko‘pgina sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Masalan, ionlashtiruvchi nurlanish vositasida qayta ishlash texnologiyalari oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash muddatini bir necha bor oshirishga imkon beradi. Aeroportlarda yuklarni ko‘zdan kechirish tizimlarida qo‘llaniladigan, radiatsiya texnologiyalari xavfsizlikni ta’minlash uchun imkon tug‘diradi. Moziy sanani radioizotop usulda aniqlash arxeologik topilmalar va san’at asarlarining yoshini ravshanlashtirishda ko‘mak beradi. Biroq yana bir soha ham borki, unda yadro texnologiyalari tom ma’noda odamlarning hayotini saqlab qola oladi. Bu yadro tibbiyotidir.
Toshkent shahridagi "Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining filiali ijrochi direktori Shavkat Abdukomilovning qayd etishicha, bunday murakkab sanoatning muvaffaqiyati mutaxassislarning professionalligi va o‘z ishiga sadoqati bilan bog‘liq. Eng istiqbolli va talabgor sohalardan biri bo‘lgan atom sanoati sohasida ishlash uchun aniq va tabiiy fanlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
– 2018 yilda AES qurilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ushbu qaror mamlakatning atom salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha butun boshli strategiyani yaratishga turtki bo‘ldi. Yadro energetikasi loyihalarini ro‘yobga chiqarishda aholi bilan ishlash asosiy yo‘nalishlardan biridir. bugungi tadbir yoshlarni kasbga yo‘naltirish nuqtai nazaridan muhim voqea bo‘lib, ular bu yerda o‘zlarining huddi shunday loyihalarini amalga oshirib bo‘lgan mamlakatlar, hamda mazkur yo‘lning avvali-boshida turgan boshqa mamlakatlar tajribasi haqida ko‘proq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu narsa diqqatga sazovorki, talabalar ham, maktab o‘quvchilari ham barcha nutqlarni, shu jumladan, O‘zbekistonimizda atom energetikasi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash qay tarzda amalga oshirilayotgani mavzusiga taalluqli chiqishlarni katta qiziqish bilan tomosha qilib, tinglashganining guvohi bo‘ldik, – dedi Sh. Abdukomilov.
Teleko‘prikda ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari va kollejlarning 150 nafardan ziyod talabasi ishtirok etdi. Ular safida Toshkent shahridagi "Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining filiali talabasi Oyjamol Kalbayeva ham bor.
– Mamlakatlararo teleko‘prik men uchun juda ko‘p yangi qirralarni ochdi. Turli mamlakatlarda texnologiyalar qanday rivojlanayotgani, atom sanoatining qanday istiqbolli yo‘nalishlari mavjudligi, qo‘shni davlatlar yadro texnologiyalari bilan qay tarzda ish ko‘rishi va O‘zbekistonda bu borada natijalar hamda rejalar haqidagi suhbatlar men uchun juda qiziqarli bo‘ldi, – dedi O.Kalbayeva.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri