O‘zbekiston ilk marotaba ta’lim sifatini baholash bo‘yicha PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha joriy yilda respublika bo‘yicha 348 ta tayanch maktab belgilangan bo‘lib, ushbu maktablardan 15 tasi Sirdaryo viloyatida joylashgan.
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi 1-tayanch maktabida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev, Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev ishtirokida seminar tashkil etildi.

Tadbirning birinchi qismida PISA va PIRLS tadqiqotlariga tayyorgarlik bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, tayanch maktablarining laboratoriya jihozlari, reaktivlar va zarur kompyuter texnikalar bilan ta’minlanganlik holati tanqidiy muhokama qilindi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatlar ko‘rsatilgan holda rejalar belgilandi.
Respublikamizdagi maktablarning xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va hududlardagi, xususan, Sirdaryo viloyati tayanch maktablarining bugungi kundagi holatiga to‘xtalib o‘tildi.
Ikkinchi qismda seminar shu’balarda davom ettirilib, tajribali ekspertlar, Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokchilarga o‘qish, matematika, biologiya va kimyo fanlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik doirasida mahorat darslarini olib boradi.
O‘zA