Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar muhokama qilindi
15:08 / 2022-01-31

31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yigirma uchinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqish nazarda tutilgan masalalar dastlabki tartibda muhokama etildi.

“Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni (Minsk, 2021 yil 28 may) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi masala shular jumlasidan.

Shuningdek, senatorlar "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi yakunlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining hisobotini ham ko‘rib chiqdilar. Bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, dasturda belgilangan maqsadlarga erishilgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, senatorlar davlat dasturining ijro muddatlari uzaytirilgan ayrim bandlarini to‘liq bajarish va tezroq amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.

Majlisda Xalqaro mehnat tashkilotining 167-konvensiyasining asosiy maqsadi qurilish sohasida jarohat olish, kasb kasalliklariga chalinish va halok bo‘lish holatlarining oldini olish uchun mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirishdan iborat ekani ta’kidlandi.

Konvensiyaning aksariyat norma va qoidalari milliy qonunchilikka joriy etilgani alohida ta’kidlandi.

Senatorlarning fikricha, Xalqaro mehnat tashkiloti mazkur konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirish, qurilish sohasida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.

Senat qo‘mitasi a’zolari MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimnini ratifikatsiya qilish qonunini ham atroflicha muhokama qildilar. Bitimning maqsadi soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlar yopishtirilgan tovarlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilishning, shuningdek, bunday tovarlarni MDH mamlakatlari davlat chegaralari orqali olib o‘tishning oldini olish, aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilish imkonini beradigan shart-sharoitlarni yaratish ekani qayd etildi.

Tomonlar mazkur Bitim doirasida vakolatli organlar tomonidan aniqlangan soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlar yopishtirilgan tovarlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish holatlariga oid masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha muntazam ravishda axborot almashishi ta’kidlandi.

Muhokama chog‘ida Bitimning ratifikatsiya qilinishi bilan tegishli davlat idoralariga huquqiy himoya va bojxona nazorati bo‘yicha qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatilishi ta’kidlandi. Hujjat MDH davlatlari tegishli organlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni kuchaytirish, iste’molchilar huquqlari va intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqich bo‘lgani ta’kidlandi.

Tashrif yakunida iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, energetika, avtomobilsozlik, madaniyat va boshqa sohalarda tub burilish yasaydigan keng ko‘lamli kelishuvlarga erishilgani, qator bitimlar imzolangani alohida ta’kidlandi. Xalq diplomatiyasining muhim elementi sifatida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, senatorlar oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini ta’minlash, vazirlik va idoralarning bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish muhimligini ta’kidladilar.

Parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, Janubiy Koreya moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar samaradorligini o‘rganish, vazirlik va idoralarning Janubiy Koreya bilan amalga oshirish rejalashtirilgan investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish, mahalliy vakillik organlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va ularning rivojlanishiga ko‘maklashish va boshqa masalalar ushbu tuzilmaning asosiy vazifalari bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Majlis yakunlari bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

O‘zA