Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro savdoda elektron tijoratning ulushi o‘smoqda
16:28 / 2025-04-16

Vengriya poytaxti Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov ishtirok etdi.

Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi. 

Nufuzli anjumanda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Quvonchbek Omuraliyev hamda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va mezbon davlat — Vengriya bojxona xizmati rahbarlari qatnashdi.

Ma’lumki, tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozim. 

Bu esa o‘z navbatida bojxona organlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Xususan, tashkilot doirasida bojxona hamkorligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishni taqozo etadi. 

Bugunga qadar tashkilot doirasida Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi to‘g‘risida bitim imzolandi. Ruxsatnoma tusidagi hujjatlarni raqamlashtirish, xavflarni boshqarish va vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. 

Ammo, globallashuv va jadal texnologik taraqqiyot davrida deyarli har kuni sodir bo‘layotgan turli o‘zgarishlar hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda qamrab olish va izchillik bilan davom ettirishni talab etadi. 

Masalan, xalqaro savdoda elektron tijoratning ulushi tobora oshib bormoqda. Xaridorlar turli elektron platformalar orqali boshqa davlatlardagi ishlab chiqaruvchilardan tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishmoqda, zamonaviy logistika esa mazkur tovarlarni iste’molchining eshigiga qadar yetkazib bermoqda.

Shu boisdan, istiqbolda elektron tijoratning bozori yanada o‘sishini inobatga olib, xavfsizlikni ta’minlaydigan va qo‘shimcha to‘siqlar yaratmaydigan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish hamda ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish taklifi ilgari surildi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda bojxona sohasini yanada raqamlashtirish va bunda sun’iy intellektdan keng foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tdi. 

Bojxona sohasida to‘plangan katta hajmdagi ma’lumotlarni qo‘lda boshqarish va tahlil qilish tobora qiyinlashib borishini inobatga olsak, sun’iy intellektni keng qo‘llashga va tabiiyki bu borada yuqori salohiyatli kadrlarga zarurat ortaveradi. 

Shu boisdan yig‘ilishda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bojxona xizmati xodimlari o‘rtasida sport musobaqalarini tashkil etish taklifi ham ilgari surildi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA