Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlar – taraqqiyot kafolati
14:50 / 2022-03-14

Mamlakatimizda aholining moliyaviy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, madaniy-ma’rifiy sohadagi muammolarini hal etishga qaratilgan islohotlar jahon hamjamiyati va xalqaro reyting agentliklari tomonidan baholab kelinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimini yaratish vazifasi ilgari surildi. Shuningdek, qarorga ko‘ra respublikadagi 17 ta tadqiqot institutlariga 17 ta xalqaro reytinglar biriktirilib, vazifalar belgilandi.

Aholi turmush darajasini oshirish, davlat organlarining xalq manfaatlari uchun xizmat qilishida davlat siyosatidagi ustuvorligini ta’minlash hamda mamlakatga kirib kelayotgan investitsiyalar oqimini jadallashtirish va investor mulkini davlat tomonidan himoya qilish kabi mamlakatda turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni dunyo hamjamiyatiga namoyon etish maqsadida turli sohalar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan tuziladigan xalqaro reyting va indekslar muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori baholangan har qanday xalqaro reytinglar samarasi sifatida ishbilarmonlardan tortib dunyo aholisi barcha qatlamining e’tibori shu mamlakatga qaratiladi: investitsion muhit, turizm, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi, buning natijasida aholining turmush darajasi va farovonligi yaxshilanadi, aholining va investorlarning xavfsizligi ta’minlanadi. 

Xalqaro reyting va indekslarni faoliyat yo‘nalishiga qarab ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga ajratish mumkin. Bunda iqtisodiyot, ishbilarmonlik, byudjet, sanoat, investitsiya va barqaror rivojlanish maqsadlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohaga, huquq, korrupsiya, demokratiya hamda boshqaruv sifatini siyosiy-huquqiy sohalarga kiritish maqsadga muvofiqdir.

Indeksni tuzuvchi xalqaro tashkilotlar tegishli davrlar bo‘yicha davlat organlari tomonidan e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar hamda turli xalqaro tashkilotlarning (World Economic Forum, World Bank, International Monetary Fund, UN, Transparency International va boshqalar) reyting hisobotlari natijalariga asoslanib, har yili indikatorlar natijalarini hisoblaydi hamda o‘zining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boradi.

Shu o‘rinda xalqaro reyting va indekslarni yaxshilashda katta yutuqlarga erishgan bir qator xorijiy davlatlar tajribasiga murojaat qilsak. 

KOREYA...

Koreya Respublikasida 1960 yilda ilm-fan, texnika sohasi ancha og‘ir ahvolda edi. Ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan 5000 ta tadqiqotchi va 2 ta ilmiy institut shug‘ullangan. Hukumat tomonidan 1962 yilda qabul qilingan birinchi besh yillik iqtisodiy rejalar dasturi sanoat strategiyasining asosiy siyosiy vositasi bo‘ldi hamda 1963 yilda ilmiy-tadqiqot ishlari uchun 9,5 mln. dollar mablag‘ sarflandi. 

Mamlakat texnologiyalarni sotib olishda uzoq muddatli xalqaro kreditlardan foydalandi va ichki imkoniyatlarni rivojlantirish uchun yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va takomillashtirish siyosati olib borildi.

Koreyaga 1962 yildan 1971 yilgacha xorijiy investitsiyalar oqimi 264 mln. dollarni, asosiy vositalar importi esa 2,9 mlrd. dollarni tashkil etdi. Hukumat tomonidan «Fan va texnologiyalarni rivojlantirish to‘g‘risida»gi va «Ilmiy ta’lim to‘g‘risida»gi qonunlar ishlab chiqilishi fan va texnologiyalarni rivojlantirishning huquqiy asosi sifatida muhim ahamiyat kasb etdi. Qolaversa, Koreyaning fan va texnologiya siyosati xorijiy tajribalarni o‘rganishga hamda ilmiy-tadqiqot ishlari va inson resurslarini rivojlantirish uchun infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan edi.

bugungi kunda Koreya Respublikasi turli xalqaro reyting va indekslarda yuqori pog‘onalarni egallab turadi. Jumladan, Jahon bankining “Doing Business” indeksi bo‘yicha 190 ta davlat orasida Koreya 5chi o‘rinni egallagan. 2021 yilgi «Global innovatsiyalar indeksi»da esa Koreya dunyoda 5chi va Osiyoda 1-o‘rinni zabt etmoqda.

GRUZIYA...

Gruziya «iqtisodiy» muvaffaqiyati tarixi. Gruziya xalqaro reyting va indekslarda oxirgi 15 yillik davr ichida eng jadal va barqaror rivojlangan davlatlardan biri bo‘ldi. Uning muvaffaqiyat sari bosgan yo‘li ko‘p davlatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Hukumat o‘ziga shu darajada katta islohotlar va o‘zgarishlar mas’uliyatini oldiki, avvalida xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bularning ilojsizligini yoki o‘ta qiyinligini ko‘p ta’kidlashdi. Ammo qisqa fursat ichida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar o‘z natijalarini berdi va xalqaro hamjamiyatda yuqori baholandi.

Ushbu yo‘ldagi islohotlar ijtimoiy va iqtisodiy hayotning barcha sohalarini qamrab oldi: infratuzilma, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti, tabiiy resurslar, ta’lim, mudofaa, politsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, bank, xalqaro savdo, qamoqda saqlash, transport tubdan isloh qilindi. 

Gruziya 2006 yillarda Jahon bankining “Doing Business” indeksida 181 davlat orasida o‘rindan 100-o‘rinni egallagan edi. Ammo oradan bir yil o‘tib 67 pog‘onaga ko‘tarilib, 37-o‘ringa chiqdi, eng muvaffaqiyatli islohotchi mamlakat sifatida tan olindi. Buning ortidan yana davomli islohotlar natijasida 2020 yil indeksida Gruziya biznes yuritish qulayligi bo‘yicha 190 iqtisodiyot orasida 83.7 ko‘rsatkich bilan 7-o‘rinni egalladi. Yangi biznes ochish bo‘yicha Gruziya jahonda ikkinchi, mulkni ro‘yxatga olish qulayligi bo‘yicha beshinchi o‘rinlarni egallab keladi.

Mamlakatda yangi biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘rtacha 17 daqiqa kifoya qiladi. “Transparency International” tashkilotining «Korrupsiyani idrok qilish indeksi»da (Corruption Perception Index) ham Gruziya misli ko‘rilmagan yutuqlarni ko‘rsatdi. Gruziya 2004 yildagi 134-o‘rindan 2021 yilda 45-o‘ringa ko‘tarilib, hatto Yevropa Ittifoqining ayrim rivojlangan mamlakatlarini ortda qoldirdi. So‘nggi 15 yil mobaynida real yillik iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 7 foizni tashkil etdi va korrupsiya shu qadar pasayib ketdiki, Gruziya xalqaro davlat boshqaruvi ko‘rsatkichlari bo‘yicha ba’zi rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirdi.

2004 yilgacha Gruziya soliq tizimi qoloq va samarasiz edi: 20 dan ortiq turdagi soliqlar, yuqori soliq stavkalari, past yig‘imlar. Yangi moliyaviy siyosat beshta asosiy maqsadga asoslangan edi:

• Gruziyani biznes uchun jozibador qilish;

• soliq yig‘ish tizimini yanada samarali va oshkora qilish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashni qiyinlashtirish;

• soliqlar sonini kamaytirish va stavkalarini pasaytirish orqali soliq kodeksini erkinlashtirish va soddalashtirish;

• ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish maqsadida imkon qadar ko‘proq davlatlar bilan shartnomalar imzolash;

• soliq to‘lovchilarning aksariyat qismini qamrab oladigan soliq amnistiyasini amalga oshirish.

2004 yildan beri har yili Gruziya davomli va tizimli ravishda soliqlar turi va sonini kamaytirdi, soliq stavkalarini pasaytirdi va soliq qonunchiligini soddalashtirdi. 

Soliqlar 2004 yilda 21 tadan 2005 yilda 7 taga, 2007 yilda esa jami 6 taga tushdi. Soliq stavkalarining pasayishi davlat daromadlarining oshishiga olib keldi. Natijalar tez namoyon bo‘lgani sababli, jamoatchilik islohotlarni qadrlay boshladi.

E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonda ham xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini yaxshilash, qulay investitsiya iqlimi yaratilishi uchun keng harakat qilinmoqda, bu borada xorijiy investorlarga turlicha moliyaviy imtiyozlar va huquqlar berilgan, bozor infratuzilmasi shakllantirilmoqda. 

Shuning bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish, so‘mning qadrini ko‘tarish, mulk daxlsizligini ta’minlash, investorlar haq-huquqini himoyalashni yanada oshirish, bank foizi stavkalarini barqarorlashtirish, islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini hisobga olgan holda soliq tizimini ilmiy asoslangan holda takomillashtirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirishga e’tibor katta.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, rivojlangan mamlakatlarning tajribasi, bosib o‘tgan yo‘li, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash yo‘lida mamlakatning investitsion muhitni sog‘lomlashtirish borasida qabul qilgan qonunlari, ishlab chiqqan qarorlarini o‘rganish, investitsiyalarni kengroq jalb etish bo‘yicha ishlab chiqqan usul va uslublarining kerakli jihatlarini O‘zbekiston sharoitiga tatbiq etish muhim masalalardan hisoblanadi. Zero, to‘plangan tajribalarni mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tatbiq etilishi, tavakkalchilikni pasaytirishga, mavhumlikni oldi olinishiga xizmat qiladi.

bugungi kunda, O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari ham mamlakatimizning asosiy xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari to‘g‘risidagi axborotni xalqaro reytinglarni tuzuvchilarga yetkazish borasidagi faollik ko‘rsata boshladi. Xususan, «Muloqot» jamoat birlashmasi ekspertlari tomonidan ham bu masalada tadqiqotlar va turli loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab quvvatlash Jamoat fondi ko‘magida «Xorijiy davlatlarning xalqaro reyting va indekslarda o‘z o‘rinlarini yaxshilashga qaratilgan tajribalari va ularning O‘zbekiston uchun ahamiyati» nomli grant amalga oshirildi va tadqiqot natijalari elektron shaklda tayyorlangan risola shaklida keng jamoatchilikka taqdim etildi. 

Dilshod Ibrohimov, 

«Muloqot» jamoat birlashmasi ijrochi direktori