English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
15:59 / 2025-10-10

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur ziyo maskani, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan ma’rifiy tadbir hamda “Mushoira etadi davom” nomli to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11 oktyabr jahon miqyosida “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan.

Ushbu sanani BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalari keng nishonlashi an’anaga aylangan. Shu kuni dunyo bo‘ylab qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog‘liq holatlarni kengroq o‘rganish tavsiya etiladi. Shuningdek, qizlarning kamsitilishi bo‘yicha og‘riqli muammolar tilga olinadi.

Xalqaro qizlar kuni jamoatchilik e’tiborini qizlar duch keladigan muammolarni hal qilishga qaratgani bilan yanada ahamiyatli.

BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish tavsiya etiladi.

Mazkur sanada BMT o‘smir qizlarning kamsitilishini tugatish, ularning huquq va vakolatlarini kengaytirishni rag‘batlantirish uchun hukumatlar, fuqarolik jamiyatlari, davlat va xususiy tashkilotlarni birdamlikka chaqirib keladi. Mazkur nufuzli xalqaro tashkilotning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 15–19 yosh oralig‘idagi har to‘rt nafar qizdan biri ishlash, o‘qish va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatiga ega emas.

O‘zbekistonda qizlarning har tomonlama yetuk va barkamol shaxslar sifatida ulg‘ayishlari uchun barcha sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlarni yaratib berish, ularning har bir sohadagi qiziqishlarini yanada rag‘batlantirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tengdoshlari o‘rtasida hamkorlik va tashabbuskorlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni jahon hamjamiyati ham e’tirof etmoqda. Xususan, qizlarning ta’lim-tarbiya olishlari, kasb-hunar egallashlari, ularning ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish masalalari davlatimizning doimiy yuksak e’tiborida turibdi.

– Bunday ezgu islohotlardan ko‘zlangan maqsad esa erkin va farovon jamiyatni barpo etishda yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir qizlarni tarbiyalash, – dedi taniqli shoira, ma’naviyat targ‘ibotchisi Gulchehra Shahobiddin qizi. 

Tadbirda ishtirokchilarga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Mushoira etadi davom” nomli to‘plam haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri