Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 maydagi “Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil etilgan edi.
Universitet Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan ta’sis etiladigan to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat ishtirokidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitetda ta’lim grant va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida (RAU) talabalarga grantlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 75 ga yaqin talaba alohida muvaffaqiyatlari uchun taqdirlandi.
– Ma’lumki, mazkur oliy o‘quv yurtining vazifasi qishloq xo‘jaligi sanoati uchun zamonaviy talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat, – deydi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida (RAU) rektori Munira Aminova. – Ta’lim muassasasi yetakchi xorijiy universitetlar bilan ham hamkorlikni rivojlantiradi. Biz iqtidorli talabalarning akademik yutuqlarini nishonlashdan va ularga qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyat qozonishlari uchun zamin yaratib berishdan mamnunmiz.
[gallery-13060]
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, universitet agronomiya, biotexnologiya, aqlli qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlarda dasturlarni taqdim etadi. Bitiruvchilarga Britaniya universiteti diplomi beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA