Interpolning Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolarining yaqin hamkorligi natijasida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)dan firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda gumonlangani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.
Ekstraditsiya ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan faoliyat hamda Interpol kanallaridan foydalangan holdagi samarali hamkorlik tufayli amalga oshirildi.
BAA va boshqa xorijiy davlatlardan ekstraditsiya qilinayotgan qidiruvdagi shaxslar sonining oshishi ishchi uchrashuvlar va muzokaralar davomida shakllantirilgan, amaldagi xalqaro kelishuvlarga asoslangan hamda barcha huquqiy tartib-taomillarga qat’iy rioya etilgan holda Milliy markaziy byurolar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan barqaror ikki tomonlama aloqalar natijasidir.
Ushbu ish transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan.
Hozirda fuqaro qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish hamda sud oldida javob berishi uchun vakolatli organlarga topshirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA