Majburiy ijro Byurosi Navoiy viloyat boshqarmasi Qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan qidiruvdagi qarzdor shaxslar va ularning mol-mulklari turgan joyini aniqlash, ularga nisbatan qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida mamlakat bo‘ylab tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Boshqarma xodimlari tomonidan 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida jami 250 nafar jismoniy shaxslar topilib, 390 million so‘m qarzdorliklar undirilishi ta’minlangan.
– Hozirda 173 nafar qarzdorni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda, – deydi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi inspektori Muhammad Roziqov. – Ushbu shaxslarning 125 nafari respublika hududida yashirinib yurganligi, 48 nafari esa chet elga turli maqsadlarda chiqib ketganligi aniqlangan. Jumladan, Navbahor tumanida yashovchi fuqaro Sh.S. chet elda bo‘lganligi sababli davlat ijrochisi tomonidan unga nisbatan 2023 yil 26 avgustda qidiruv e’lon qilingan edi.Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida xalqaro qidiruvda bo‘lgan qarzdor Sh.S. fuqarolik pasportini almashtirish uchun O‘zbekistonga kelgan vaqtida ushlandi.
Aliment majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlab kelganligi oqibatida undiruvchiga 3 nafar farzandi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 85,7 million so‘m aliment qarzdorligi to‘liq to‘lab berilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA