O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan REMIT PRIME (IFAD, Yevropa Ittifoqi) dasturi bilan hamkorlikda “Moliyaviy inklyuzivlik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishda xalqaro pul o‘tkazmalarining ahamiyati” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar, pul o‘tkazmalari sohasidagi mutaxassislar, moliyaviy xizmatlar tarmog‘i va qishloq hududlarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, REMIT PRIME dasturi — moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbus. REMIT PRIME — Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) ko‘magida amalga oshiriladigan va Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda moliyalashtiriladigan xalqaro dastur. Dastur doirasida xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi takomillashtiriladi.
Aholining moliyaviy xizmatlarga kirish imkoniyatlari kengayadi. Raqamli to‘lov yechimlari rivojlantiriladi. Pul o‘tkazmalarini qabul qiluvchi xonadonlarning iqtisodiy faolligi qo‘llab-quvvatlanadi. IFAD esa, o‘z navbatida qishloq hududlarining barqaror rivojlanishi, uy xo‘jaliklari daromadlarining oshishi va kam ta’minlangan aholi uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi.
Xalqaro pul o‘tkazmalari O‘zbekistondagi aksariyat xonadonlar uchun muhim ko‘mak sifatida xizmat qilmoqda. Bu mablag‘lar ta’lim va sog‘liqni saqlash xarajatlarini qoplash, kichik biznesni boshlash yoki kengaytirish, oilaviy daromadni barqarorlashtirish kabi yo‘nalishlarda qo‘llaniladi. Shu bilan birga, pul o‘tkazmalari mamlakat iqtisodiyotiga barqaror valyuta oqimi sifatida xizmat qilmoqda hamda kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil hisoblanadi.
So‘nggi yetti yilda milliy moliyaviy sektorda katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. 2017 yili aholining atigi 37 foizi bank hisob-varag‘iga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 60 foizga yetdi.
Ayniqsa, ayollar o‘rtasida o‘sish yanada tahsinga sazovor: bank hisob-varag‘iga ega ayollar ulushi 61 foizni tashkil etib, erkaklar ko‘rsatkichidan (59%) yuqori.
Raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Aholining, 82 foizi mobil telefon, 69 foizi smartfondan foydalanishi raqamli moliyaviy xizmatlarni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratmoqda. Shahar va qishloqdagi farq ham ancha qisqargan. Shaharda 86 foiz, qishloq — 80 foizga.
Bu esa raqamli to‘lovlar va raqamli inklyuzivlikni kengaytirish uchun qulay sharoit mavjudligini anglatadi.
Tadbir ishtirokchilari pul o‘tkazmalarini qabul qiluvchilarni iqtisodiy faollikka integratsiya qilish mexanizmlari, aholi uchun dolzarb moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar, raqamli savodxonlikni oshirish vositalari, qishloq hududlarini qamrab olishda raqamli texnologiyalar imkoniyatlari kabi mavzularni muhokama qildi.Shuningdek, O‘zbekiston moliya bozoridagi mavjud yechimlar tahlil qilinib, milliy sharoitga moslashtirilgan xalqaro tajribalar o‘rganildi.
– Biz ayni paytda O‘zbekistondagi moliya institutlari bilan yaqindan ishlayapmiz. Maqsad aholi va uy xo‘jaliklari tomonidan olinadigan pul o‘tkazmalari biznesni boshlash, kundalik xarajatlar yoki boshqa ehtiyojlar uchun samarali ishlatilishini ta’minlashdan iborat, – deydi IFADning Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy dasturi moliyaviy koordinatori Pavel Shust. –Eng dolzarb masalalardan biri bu xizmatlarning foydalanish imkoniyatini kengaytirish, ya’ni aholiga bank xizmatlariga oson kirish imkonini yaratishdir. Ikkinchi masala olingan pul o‘tkazmalaridan samaraliroq foydalanish imkoniyatini yaratish, masalan, biznes boshlash, jamg‘arma qilish yoki bolalarning ta’limiga yo‘naltirish. Bu muammo nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning aksariyat davlatlarida dolzarb. Shu bois biz mintaqadagi manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda ushbu masalalarni hal etishga harakat qilyapmiz.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/QpexRvP0uWI" title="Xalqaro pul o`tkazmalari mamlakat iqtisodiyotiga barqaror valyuta oqimi sifatida xizmat qilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Davronov (video), O‘zA