Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro onlayn forumdan tushgan mablag‘ Mehribonlik uyi hisobiga o‘tkaziladi
13:54 / 2021-02-02

Biznes va iqtisod, xalqaro ta’lim va IELTS hamda turizm va menejment sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun “Young Businessmen and Economists” Xalqaro onlayn forumi o‘tkazilmoqda.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, shuningdek, chet el fuqarolari ham ro‘yxatdan o‘tish yo‘li orqali ishtirok etishi mumkin. Forum 2021 yil 7-10 fevral kunlari Zoom platformasi orqali onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Respublika yosh olimlar Kengashi, Westminster va ISMA xalqaro universitetlari, “Taraqqiyot” volontyorlik birlashmasi hamkorligida tashkil etilayotgan forum doirasida 4 ta yo‘nalishda onlayn muloqotlar ham bo‘lib o‘tadi. Yosh biznesmenlar, raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni olsa, ingliz tilida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro ta’lim va IELTS bo‘yicha suhbat, rus tilida olib boriladigan turizm va menejment mavzusiga bag‘ishlangan uchrashuv yoshlarning bilimini oshirishda muhim ahamiyatga egadir.  

Loyihadan ko‘zlangan maqsad — yoshlar tadbirkorligini kengaytirish va ularni raqamli iqtisodiyot bilan yaqinroq tanishtirish, shuningdek, bilimga chanqoq yoshlarga chet eldagi nufuzli oliygohlarda o‘qishi uchun O‘zbekistonda yaratib berilayotgan imtiyoz va grantlar, IELTS olish tartibi bo‘yicha ma’lumot berishdan iborat. Bundan tashqari, turizm va menejment yo‘nalishiga qiziquvchi yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish.

Forumda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar elektron ro‘yxatdan o‘tish yo‘li bilan tashkiliy qo‘mitaning ishchi organiga ariza topshiradi. Arizalar loyihaning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqiladi, ishtirokchi to‘lov badalini to‘laganidan so‘ng ishtirokchiga ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida ma’lumot va “rasmiy ishtirokchi” maqomi beriladi.

Arizalar va barcha murojaatlar 2021 yil 6 fevralga qadar qabul qilinadi. Loyihaga belgilangan muddatdan so‘ng topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi. Loyihada ishtirok etish to‘lovi 20 ming so‘m bo‘lib, ishtirok etish istagidagilar Telegram messenjeridagi profili orqali ariza topshirish yo‘li bilan ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Loyiha orqali yig‘ilgan mablag‘ Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan 12-sonli Mehribonlik uyi hisobiga o‘tkazib beriladi. 

Ro‘yxatdan o‘tish manzili: @YBEF_Registration.