Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro ona tili kuni yurtimizda ham nishonlandi
18:33 / 2024-02-21

21 fevral – Xalqaro ona tili kuni

1999 yil YUNESKO tomonidan 21 fevral “Xalqaro ona tili kuni” sifatida e’lon qilingan. Shu munosabat bilan har yil ushbu sana butun dunyoda, jumladan respublikamizda ham keng nishonlanadi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda dastlab Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi. Umuman, har bir insonda Vatani va ona tiliga nisbatan o‘zgacha muhabbat, ehtirom tuyg‘usi mavjud. Har bir xalqning milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyati o‘zagini tashkil etadigan tilga muhabbati beqiyos.

Bangladesh Respublikasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida tashkil etilgan, elchilar, YUNESKOning respublikamizdagi vakolatxonasi rahbariyati, tilshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etgan tadbirda ayni jihatlar e’tirof etildi.

[gallery-16066]

Qayd etilganidek, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillar soni 8 mingga yetgan bo‘lsa, hozir sayyoramizda 6 ming atrofida til saqlanib qolgan, shularning ham yarmi yo‘qolib ketish xavfi ostida. Bunday achinarli holat, asosan, sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millat, elatlarga tegishli. Mayda tilda so‘zlovchi ayrim aholi guruhlari o‘z yozuvga ega, ba’zilari esa bundan ham bebahra.

Anjumanda Bangladeshning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Monirul Islom so‘zga chiqib, ona tilini rivojlantirish har bir millatning azaliy burchi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, 2000 yildan buyon nishonlab kelinayotgan ushbu kun tarixi to‘g‘risida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.

Ta’kidlanganidek, 21 fevral – Xalqaro ona tili kuni dunyo bo‘ylab keng nishonlanishiga Bangladesh xalqi bilan sodir bo‘lgan qonli mojaro sabab bo‘lgan. Ushbu sana 1952 yil 21 fevral kuni Dakada sodir bo‘lgan voqealarni xotirlash uchun tanlangan bo‘lib, o‘z ona tilini himoya qilish uchun namoyishga chiqqan talabalar bengal tilini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olinishini talab qilgan. Afsuski, o‘shanda ona tili himoyachilari politsiyaning zo‘ravonligiga duch kelgan. Namoyish kuch bilan bostirilgan. Shundan buyon to‘qnashuvda halok bo‘lgan talabalar xotirasiga mazkur sana dunyo bo‘ylab “Xalqaro ona tili kuni” sifatida ehtirom bilan nishonlanadi.

Bayram tadbirida bengal va dunyoning boshqa ko‘plab tillarida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Namoyish etilgan turli millatlarga xos sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA