Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro olimpiadada "Yosh geolog" jamoasi munosib ishtirok etdi
09:35 / 2025-08-07

Joriy yilning 31 iyul - 4 avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Perm o‘lkasida yosh geologlarning XV ochiq dala olimpiadasi o‘tkazildi.

Ushbu nufuzli xalqaro tanlovda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan iqtidorli yosh mutaxassislar qatnashdi. Ular geologiya fanining turli yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdi.

Mazkur musobaqada "Yosh geolog" jamoasi O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi. Jamoa tarkibidagi iqtidorli va bilimdon yoshlar paleontologiya, petrografiya, mineralogiya, geoximiya, geoekologiya kabi murakkab va ahamiyatli fanlar bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etib, umumiy natijalarga ko‘ra faxrli uchinchi o‘rinni egallashdi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bundan tashqari, yurtdoshlarimiz yana bir muhim mukofotga sazovor bo‘lishdi. Xususan, "Ikki nuqtadan o‘tuvchi vertikal tekislikda (stvor) mashaqqatli va aniq ishi uchun" nominatsiyasida O‘zbekiston jamoasi “Gidrospetsgeologiya” korxonasining rag‘batlantiruvchi mukofotiga loyiq deb topildi. Bu mukofot geologik tadqiqotlarda yuqori aniqlik va kasbiy yetuklikni talab qiladigan topshiriqni muvaffaqiyatli bajarganlik uchun beriladi.

Mazkur xalqaro musobaqada qo‘lga kiritilgan natija O‘zbekistonda geologiya sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yosh avlodning ilmiy salohiyatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar samarasi ekanini yaqqol namoyon etdi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA