Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro olimpiada g‘oliblari va ularning ustozlari taqdirlandi
09:35 / 2022-07-29

Poytaxtimizda o‘quv fanlari bo‘yicha eng nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda ta’limning barcha bo‘g‘inlar mutasaddilari, olimpiada g‘oliblari, ularning ustozlari va ota-onalari, tashkilotchilar, media sohasi vakillari ishtirok etdi. 

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, O‘zbekiston Qahramoni, Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori Shavkat Ayupov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova,  "O‘zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Akobirjon To‘xtayev  va boshqalar ta’limga bo‘lgan e’tibor  o‘quvchilarimizning xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyat qozonishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. 



Aytish kerakki, joriy yilning iyul oyida mamlakatimiz o‘quvchilari eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, jami 6 ta medal, bundan 4 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar. 

Bundan tashqari o‘tgan o‘quv yili davomida o‘quvchilar tomonidan mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda 39 ta medal, bundan 3 ta oltin, 13 ta kumush va 23 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. 

Eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda, xususan, Xitoyda onlayn shaklda tashkil etilgan 54-Xalqaro kimyo olimpiadasida 80 ta davlatdan 320 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston o‘quvchilari 4 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. 

Jumladan, Azimjon Jamolov - Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi kumush medal, Sherzod Shaymatov - Navoiy shahridagi 11-maktab o‘quvchisi kumush medal, Maftuna Badalova - Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi kumush medal, Ikromiddin Boymahammadov - Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi kumush medal bilan taqdirlandi. 



Norvegiyada bo‘lib o‘tgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida 106 ta davlatdan 600 nafar o‘quvchi qatnashdi. Yurtdoshimiz Qorako‘ldagi xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Lazizbek Rajabboyev bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jamoaviy hisobda tariximizdagi eng yaxshi ko‘rsatkich 124 ball (avvalgi  eng yaxshi ko‘rsatkich 2010 yilda 112 ball edi) qayd etildi. 

Armanistonda o‘tkazilgan 33-xalqaro biologiya olimpiadasida 64 ta davlatdan 254 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Hamyurtimiz Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Aziza Abduvaliyeva bronza medali sohibasi bo‘ldi.

Eslatib o‘tish joizki, nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari:

– oltin medal sohibiga 150 million so‘m, o‘qituvchisiga 135 million so‘m;  

– kumush medal sohibiga 90 million so‘m, o‘qituvchisiga 75 million so‘m;  

– bronza medal sohibiga 60 million so‘m, o‘qituvchisiga 45 million pul mukofoti topshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Medal egalari davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinadi. Ularning ustozlariga esa kelgusi o‘quv yilida 200 foizgacha ustama belgilanadi. 

Tantanali tadbirda ko‘plab xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ustozlari taqdirlandi.  

 

Nazokat Usmonova, 
O‘zA muxbiri