Buxoroda Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida dunyoning Xitoy, Turkiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Finlyandiya, Quvayt kabi 19 ta mamlakatidan 120 nafar 15–18 yoshli o‘smir o‘quvchidan iborat 30 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Olimpiada nizomiga muvofiq, aqlu zakovat bellashuvi ikki turda tashkil etildi. Xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tishi uchun hakamlar hay’ati tarkibiga mahalliy va xorijiy mamlakatlar – Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston davlatlaridan akademik, professor-o‘qituvchilar hamda tajribali mutaxassislar jalb qilindi.
Sinov topshiriqlarini shakllantirishda xalqaro olimpiada metodologiyasi talablariga alohida e’tibor berildi. Uch kun davom etgan xalqaro olimpiadada 1-tur yozma ish (nazariy) shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilarga qiyinlik darajasi turlicha 50 ta topshiriq berildi. Olimpiadaning 2-turi amaliy ish shaklida o‘tkazilib, bunda ishtirokchilarga 2 ta topshiriq berildi va har bir topshiriq 50 ballik tizimda baholandi. Ikki tur uchun jami 200 ball berildi.
Poyi Kalon majmuasida xalqaro olimpiadaning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda dastlab olimpiada haqida tayyorlangan videorolik namoyish qilindi. Shundan so‘ng viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni xalqaro olimpiada muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
[gallery-17836]
–Bugun g‘oliblik shohsupasiga chiqayotgan o‘quvchi-yoshlar kelajakda davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda hamkorlikni kuchaytirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishiga ishonchim komil. Ushbu olimpiada ishtirokchilari orasidan buyuk allomalarimiz singari yetuk fan va davlat arboblari, malakali mutaxassislar, biologiya va boshqa tabiiy fanlarni yuksak bosqichga olib chiqa oladigan olimlar yetishib chiqishiga barchamiz umid qilamiz va ishonamiz. Butun dunyoda Olimpiada o‘yinlarining bir shiori bor: muhimi, g‘alaba emas, balki ishtirok. Shu nuqtai nazardan sovrinli o‘rinlarni kim qo‘lga kiritishidan qat’iy nazar, bu yerda jam bo‘lgan barcha ishtirokchi g‘olibdir.
Shundan so‘ng xalqaro olimpiadada yuqori natijalar qayd etgan ishtirokchi jamoalar oltin, kumush va bronza medallari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 5 nafar Rossiya Federatsiyasi, 3 nafar O‘zbekiston, 1 nafar Belarus hamda 1 nafar Xitoy vakillari, jami 10 nafar ishtirokchi – oltin medalni qo‘lga kiritdi.
4 nafar Qozog‘iston, 3 nafar O‘zbekiston, 3 nafar Xitoy, 3 nafar Turkiya, 2 nafar Qirg‘iziston, 2 nafar Rossiya Federatsiyasi, 1 nafar Saudiya Arabistoni, 1 nafar Vetnam hamda 1 nafar Mongoliya davlati vakillari, jami 20 nafar ishtirokchi kumush medalga egalik qilishdi. 6 nafar O‘zbekiston, 5 nafar Qirg‘iziston, 4 nafar Qozog‘iston, 3 nafar Saudiya Arabistoni, 3 nafar Turkmaniston, 3 nafar Tailand, 3 nafar Belarus, 2 nafar Vetnam hamda 1 nafar Turkiya davlati vakillari, jami 30 nafar ishtirokchi bronza medallar bilan taqdirlandi.
Umumiy hisobda olimpiadada ishtirok etgan 60 nafar o‘quvchi turli darajadagi g‘oliblik medallariga ega chiqdi. Shuningdek, ishtirokchi davlatlar vakillariga maxsus sovg‘alar topshirildi.
Tadbir viloyat san’at ustalarining konsert dasturi bilan yanada fayzli o‘tdi.
Tadbirda maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari U.Sharifxodjayev qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari