Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro musobaqalarning “g‘alabalar eshigi” oltin medallar bilan ochildi
10:42 / 2023-01-03

O‘zbekiston sportchilari uchun xalqaro musobaqalarning 2023 yilgi “g‘alabalar eshigini” og‘ir atletika bo‘yicha Doxada o‘tgan xalqaro musobaqada 3 ta oltin medalga musharraf bo‘lgan Doston Yoqubov ochib berdi.

Bugun, 3 yanvar kuni Qatar poytaxti Doxada Osiyo og‘ir atletika konfederatsiyasining navbatdagi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov qatnashayotgan ushbu anjumanda boshlanishi oldidan o‘tkazilgan “Qatar kubogi” musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Doston Yoqubov 2023 yilning ilk oltin medallarini qo‘lga kiritdi.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu turnirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 150 nafarga yaqin mahoratli og‘ir atletikachi 10 ta vaznda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Yangi yilning ilk kunlarida tashkil etilgan xalqaro musobaqaning 73 kilogramm vaznida yurtimiz sharafini Doston Yoqubov munosib himoya qildi.

Mahoratli sportchimiz dast ko‘tarishda 137 kilo, siltab ko‘tarishda 175 va ikkikurash natijasiga ko‘ra 312 kg ko‘rsatkichga erishib, o‘zbekistonlik sportchilar uchun yangi yilning xalqaro musobaqalar “eshigi”ni 3 ta oltin medal bilan ochdi. Bu, joriy yilning xayrli boshlanayotganidan dalolatdek.

Dostonning ishonchli g‘alabasi sharafiga Qatar sport maydonida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.

Bevosita Osiyo og‘ir atletika konfederatsiyasining navbatdagi yig‘ilishi xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, anjuman davomida keyingi to‘rt yillik muddatga qit’a og‘ir atletikasining rahbar organi saylanadi. Shuningdek, yig‘ilishda joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlaridagi og‘ir atletika musobaqasi jarayoni, qit’a chempionatlari, Parij-2024 Olimpiadasining reyting turnirlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilinadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA