Xalqaro musobaqalar, jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib, madhiyamiz baralla yangrashi qanchalik mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lsa, bunday sharafga erishadigan sportchilarni tayyorlash, ularni har qanday ko‘ngilsizliklar, xususan dopingdan himoya qilish undan-da murakkab jarayon.
Tarixga nazar tashlasak, ko‘plab qit’a va jahon chempionatlari, xalqaro musobaqalarda ehtiyotsizlik tufayli dopingga uchragan sportchilarimiz medallardan mosuvo bo‘lgan, katta sportdan ma’lum muddatga chetlashtirilgan hollarga guvoh bo‘lganmiz.

Shukrki, o‘tgan sakkiz yillik oraliqda ustuvor sport turlari bo‘yicha o‘tgan Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida, jahon va qit’a chempionatlarida sportchilarimizda deyarli taqiqlangan vositalar aniqlanmadi.
Xo‘sh, buning asosiy sababi, omillari nimalarda aks etmoqda?
Aytish lozim, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda antidoping siyosati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, malakali mutaxassislar tomonidan sportchilar, terma jamoalar, sport mutaxassislari uchun turli seminarlar, o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazilgani, tushuntirish ishlari tizimli olib borilayotgani katta sport maydonlaridagi g‘alabalarimiz ta’minlanishiga ma’lum ma’noda hissa qo‘shib kelmoqda.

Sport vazirligida federatsiya va assotsiatsiyalarning mutasaddilari, mutaxassislar, murabbiylar, sport shifokorlari va mas’ul shaxslar ishtirokida o‘tkazilgan “Antidoping ma’muriyatchiligi va boshqaruv tizimi (ADAMS) hamda natijalarni boshqarish jarayoni – dolzarb muammolar va yechimlar” mavzusidagi seminarda shu haqda so‘z bordi.

Soha xodimlarining antidoping sohasidagi bilimini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan seminarda ADAMS tizimidan foydalanishda ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar va ularning oqibatlari, natijalarni boshqarish jarayonida sportchi va vakillarning huquq va majburiyatlari, terapevtik istisnolar, ularning mezon va kamchiliklari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Qiziqarli kechgan muloqotlar jarayonida federatsiya va assotsiatsiyalar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur seminar joriy yil davomida o‘tadigan nufuzli musobaqalar, qolaversa 2026 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlarida, 2028 yilgi “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasidagi natijalarimiz salmoqli bo‘lishiga xizmat qilishi bilan e’tiborli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA