Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro moliyani rivojlantirishning ilmiy asoslari tahlil qilindi
16:35 / 2025-11-19

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Raqamli texnologiyalar sharoitida xalqaro moliya rivojlanishi istiqboli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqaro ekspertlar, iqtisodchi olimlar, bank-moliya muassasalari mutaxassislari hamda talabalar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan ustuvor maqsad va vazifalar mujassamlashgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ulushini keskin oshirish ustuvor maqsad etib belgilangan. Mamlakatning xalqaro moliya munosabatlaridagi ishtirokini faollashtirish, tashqi savdodagi o‘rnini mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish aynan mazkur vazifalarning samarali ijrosiga bog‘liq.

Shu nuqtai nazardan belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va chora-tadbirlardan kelib chiqib, respublikamizning xalqaro moliya tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirish istiqbolini aniqlash hamda bu borada ilmiy takliflar, amaliy tavsiyalar tayyorlash bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borish, jumladan ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

– Konferensiya mamlakatimizning xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyotning eksport, investitsiya salohiyatini oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni aniqlashga xizmat qiladi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kafedra mudiri, professor Jasurbek Otaniyozov. – Anjumanda xalqaro moliya munosabatlarda raqamli texnologiyalarni faol qo‘llash, Yevropa raqamli moliya strategiyasi ilg‘or tajribasidan unumli foydalanish masalalariga doir ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, yashil moliya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, islom moliyasi instrumentlarini mamlakat bank-moliya tizimiga joriy etish, raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekistonning xalqaro moliya tizimiga integratsiyasini kuchaytirish kabi mavzularda xorijiy va mahalliy olimlar ma’ruzalari tinglandi.

Bunday tadbirlar xalqaro moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirish, o‘zaro fikr va tajriba almashish, ilmiy asoslangan, amaliy ahamiyatga ega takliflar ishlab chiqish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA