French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlik mustahkamlandi
16:54 / 2025-04-13

O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi.

Barqaror iqtisodiy rivojlanish hamda farovonlikka erishish bo‘yicha izchil sheriklik tarixida yangi sahifa ochadigan mazkur kelishuv Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiyaning AQSHga tashrifi doirasida amalga oshirildi.

Mamlakatimiz innovatsion iqtisodiyoti o‘sishining asosiy omili bo‘lgan muqobil sarmoyani rag‘batlantirish va rivojlantirish uchun zarur hisoblangan me’yoriy-huquqiy manbani faol takomillashtirishga qaratilgan hujjatga ko‘ra, IFC vazirligimizga muqobil investitsiya sohasiga doir ilg‘or qonunchilikni joriy etishda texnik yordam ko‘rsatadi. Loyiha investorlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish, moliyaviy ko‘mak jalb qilish imkoniyatini kengaytirish va biznes uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiladi.

Samarali uchrashuvda tomonlar, jumladan, investitsiya va maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari to‘plamini ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ayni jarayonning ishbilarmonlik muhitini yaxshilashdagi ahamiyati ta’kidlandi.

Milliy ekspertiza va  yangi sarmoya vositalarini samarali tartibga solish uchun zarur bo‘lgan institutsional tuzilmani shakllantirishda IFC ko‘magi muhimligi qayd etildi. Mazkur tuzilma ekspertlarining bo‘lajak tashrifi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, islohotlarning amaliy jihatini ishlab chiqish imkonini berishi shubhasiz.

Muloqot davomida iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi mavzusi ham ko‘tarildi. Anjuman O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini, mamlakat hududlarida istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish bilan bog‘liq strategik imkoniyatni namoyish etish uchun muhim maydonga aylanishi kutilyapti.

G.Sattorova, O‘zA