Hozirgi murakkab va tez o‘zgaruvchan geosiyosiy sharoitda O‘zbekiston o‘zining tinchlikka asoslangan ochiq, pragmatik va manfaatli tashqi siyosatini yana bir bor namoyon etmoqda. Bugun respublikamiz xalqaro munosabatlarning shunchaki kuzatuvchisi emas, balki faol ishtirokchisi sifatida amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda.
O‘tgan hafta Amerika Qo‘shma Shtatlari Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashi birinchi sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti taklifiga binoan ishtirok etishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va tinchlikka asoslangan tashqi siyosati amaliy ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur anjumanda mamlakatimiz yetakchisi ilgari surgan tashabbuslar, O‘zbekiston – AQSH munosabatlari hususida siyosatshunos Adham Mamajonov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Qayd etish joiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqi avvalida O‘zbekiston Tinchlik kengashini tuzish bo‘yicha bildirilgan tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi, tuzilmaning muvaffaqiyatli faoliyatida ishtirok etishini qat’iy bayon etdi.

Ma’lumki, bir necha o‘n yildan buyon Falastin hududida qurolli to‘qnashuv davom etyapti. Xususan, so‘nggi ikki yilda juda ko‘p begunoh aholi qurbon bo‘lgani qayg‘uli. Ayni masalani tinch yo‘l bilan hal etish uchun O‘zbekiston muntazam ravishda harbiy harakatlarni to‘xtatish, siyosiy muzokarani davom ettirishga chaqirib kelmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 23-sentabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasida ham butun dunyo e’tiborini ushbu masalaga qaratib, mamlakatlarni o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chorlagan holda, BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili amalga oshishining qat’iy tarafdori ekanimizni bildirgan edi.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan bildirilgan mazkur tashabbuslar AQSHda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashi birinchi sammitda ham o‘z ifodasini topdi. Prezident nutqida Kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon berishi hamda har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi ta’kidlandi.
Qolaversa, mazkur jarayon ishtirokchilarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakati G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoit yaratish, mojarodan keyingi jarayonni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
E’tibor qaratish muhim bo‘lgan yana bir jihat bor: Prezidentimiz O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyorligi borasida aniq va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Nutqi so‘nggida Shavkat Mirziyoyev Kengash ishtirokchilarining mazkur uchrashuvi xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga umumiy intilishimizning yorqin ifodasi ekaniga urg‘u berdi. Umuman, O‘zbekiston yetakchisi barchani Yangi G‘azoda iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitiga ega mintaqa barpo etishga chaqirgani mamlakatimizning tinchlik va tenglikka asoslangan tashqi siyostining yorqin ifodasidir.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.